19:17 / 08.12.2022
1 890

Yerosti suvlari uchun ham hisoblagich o‘rnatish majburiy bo‘ladi

Yerosti suvlari uchun ham hisoblagich o‘rnatish majburiy bo‘ladi
Foto: Prezident matbuot xizmati
7 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yerosti suvlarini muhofaza qilishga qaratilgan chora-tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Yerosti suvlari tabiat va aholi uchun eng zarur chuchuk suv manbalaridan biri. Undan tartibsiz foydalanish oqibatida ko‘p joylarda yerosti suvi kamayib ketmoqda. Navoiy, Samarqand, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining ayrim hududlarida uning sathi 5 metrgacha pasayib ketgan.

Shunga qaramay, joylarda ruxsatsiz quduqlar burg‘ilash, yerosti suvlaridan nazoratsiz va hisobsiz foydalanish hamon davom etmoqda. Shu bois, prezident ko‘rsatmasiga muvofiq, yerosti suvlari muhofazasini kuchaytirish va undan foydalanishni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, yerosti suvining sathi 5 metrdan ziyod pasaygan hududlarda quduqlar burg‘ilash va yerosti suvlaridan foydalanishga moratoriy joriy qilinadi.

Hozirgi kunda quduqlarning 90 foizida hisoblagich yo‘qligi sababli yerosti suvlari sarfi to‘g‘risida aniq ma’lumot to‘plash imkoni bo‘lmayapti. Shuning uchun yerosti suvlaridan foydalanuvchilarga 2024 yil 1 yanvarga qadar o‘z tasarrufidagi inshootlarni suv hisoblagich bilan jihozlash majburiyati qo‘yilmoqda.

Shuningdek, 2023 yil 1 apreldan boshlab har bir quduqqa alohida emas, balki quduqlarni burg‘ilash faoliyatiga ruxsatnoma berish yo‘lga qo‘yiladi. Sathi pasayib ketayotgan yerosti suvi konlarini tubdan qayta baholash bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlari amalga oshiriladi.

Yana bir yangilik – yerosti suvlarining holatini kuzatib borish, xavfli geologik jarayonlardan muhofaza qilishning yagona tizimini yaratish maqsadida Davlat geologik monitoring xizmati tashkil etiladi.

Umuman olganda, bu chora-tadbirlar yerosti suvining kamayish jarayonini to‘xtatish va boshqa hududlarda bunday holat yuzaga kelishining oldini olishga xizmat qiladi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, suvdan hisobsiz foydalanishga chek qo‘yish, bu borada intizomni kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Chuchuk suv manbalarini asrash va aholi uchun uzoq muddatga yetadigan zaxira yaratish muhimligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil avgustda “Yerosti chuchuk suv resurslarini muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” prezident qarori loyihasi e’lon qilingan edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat