
10 dekabr, shanba kuni Toshkent viloyati Angren shahridagi neft bazada avariyaviy holat kelib chiqqani ortidan 11,5 ming tonna neft mahsuloti (AI-80 benzin)ning oqib ketgani xabar qilingan edi.
Toshkent viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi holat joyiga chiqib o‘rganilgani va tabiatga yetkazilgan zarar summasi hisob-kitob qilinayotgani haqida ma’lum qildi.
«Neft mahsulotlarini saqlash ombori ekologik xavfliligi bo‘yicha 1-toifali obyekt hisoblanib, korxonaga berilgan davlat ekologik ekspertiza xulosasiga ko‘ra neft saqlash sig‘imlari joylashgan hududda avariya holatlarini inobatga olgan holda hovuzlar tashkil etilishi lozim.
Korxonadagi mavjud hovuzlar belgilangan talab darajasida emasligi natijasida neft mahsulotlari mahalliy ariq orqali Dukensoy soyining suv havzasiga sizib chiqqan», – deyiladi Ekoqo‘mita munosabatida.
Qayd etilishicha, hozirda neft bilan ifloslangan suv havzasidan olingan tahlil namunalari laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilmoqda.
Tegishli tartibda rasmiylashtirilgan hujjatlar esa huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar