22:13 / 12.12.2022
1 285

Davlat manfaatiga salkam 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan tadbirkorga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Davlat manfaatiga salkam 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan tadbirkorga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Foto: Tergov departamenti
Jizzax viloyatining Jizzax shahridagi ohak ishlab chiqaruvchi sexda tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib, davlat manfaatiga 1 milliard 746 million so‘m zarar yetkazildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yilning 10 dekabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Foto: Tergov departamenti
Aniqlanishicha, Jizzax shahrining «Xayrobod» mahallasida yashovchi fuqaro G‘.J.ga tegishli Toshkent ko‘chasida joylashgan hech kim yashamaydigan eski beton zavodi hududidagi hovli ko‘zdan kechirilganda fuqaro o‘zboshimchalik bilan gaz tarmoqlariga ulanib, hech qanday hujjatlarsiz ohak ishlab chiqarayotganligi aniqlangan. Tezkor tadbir davomida 600 kg ohak, 4 dona gaz pechi va boshqa xom-ashyolar ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirilib olingan.

Foto: Tergov departamenti
- O‘rganish davomida fuqaro 2022 yil sentyabr oyidan buyon «Mirzo Ulug‘bek» MFY ichki yo‘nalishdagi 200 diametrli gaz quvuriga 50 diametrli truba tortib kelib, yashirin ravishda ulangani va yordamchi xo‘jaligiga o‘rnatilgan pechlarda ohak pishirish bilan shug‘ullanib kelganligi ma’lum bo‘ldi. Hozirgi kundagi hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur sexda jami 1 million 746 ming 360 kub gaz ishlatilgan va uning taxminiy miqdori 1 milliard 746 million 360 ming so‘mni tashkil qilmoqda, — deyiladi Tergov departamenti mas’ullari bergan axborotda.

Foto: Tergov departamenti
Qo‘shimcha qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Jizzax shahar IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Davlat manfaatiga salkam 1,8 mlrd so‘m zarar yetkazgan tadbirkorga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi