13:26 / 22.12.2022
3 828

Shavkat Mirziyoev 2023 yil nomini e'lon qildi

Shavkat Mirziyoev 2023 yil nomini e'lon qildi
Shavkat Mirziyoev 2023 yilni "Insonga e'tibor va sifatli ta'lim" yili deb e'lon qildi. Yil nomi prezidentning 20 dekabr kuni Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida ma'lum qilindi.

"Nima uchun yilga bunday nom berayapmiz? Biz Oʻzbekistonda olib borilayotgan davlat siyosatining markazida inson va uning manfaatlarini ta'minlashni ustuvor vazifa etib belgiladik. Aslida ham, bizning eng bebaho boyligimiz, bu – bunyodkor xalqimiz, duogoʻy ota-onalarimiz, navqiron avlodimiz emasmi? Shu yurtda yashayotgan har bir insonning tinch va baxtli hayot kechirishi, uning sogʻligʻi joyida boʻlishi, yaxshi ta'lim olishi, oilasini tebratishi uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, hammasini yaratib berishga harakat qilayapmiz va bu yoʻldan aslo toʻxtamaymiz", - dedi davlat rahbari.

Yil yakunida prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi - mamlakat hayotida muhim voqeadir. Murojaatnomada yilning asosiy koʻrsatkichlari, erishilgan yutuqlar hamda oldinga qoʻyilgan maqsad va vazifalar belgilab olinadi. Shuningdek kelayotgan yangi yilning nomi ham e'lon qilinadi.

Oʻzbekistonda har bir yilni hayotning ma'lum bir sohasiga bagʻishlash an'anasi 1997 yildan buyon amalga oshirilib kelinmoqda. Shavkat Mirziyoev ushbu an'anani 2018 yildan buyon davom ettirib kelmoqda.

Oʻtgan yillarda Oʻzbekistonda tadbirkorlik va innovatsion gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, investitsiyalar hamda ijtimoiy rivojlanish, ilm-fan va raqamli iqtisodni rivojlantirish, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash hamda inson manfaatlarini ta'minlash va mahallani mustahkamlash kabi ezgu maqsadlar qoʻyilgan edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat