14:00 / 12.02.2023
257

Qo‘yliqdan Sergeligacha 15 minut – yerusti metrosining yangi bekatlari qanday bo‘ladi?

Qo‘yliqdan Sergeligacha 15 minut – yerusti metrosining yangi bekatlari qanday bo‘ladi?
2020 yilning dekabr oyida “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi tomonidan yerusti halqa metro liniyasining 2-bosqichi qurilish ishlari boshlangan edi. Ayni paytda ushbu uchastka hududlarida qurilish ishlari olib borilyapti.

Transport vazirligi yangi metro bekatlari haqida ma’lumotlarni taqdim etdi. Rejaga muvofiq, ushbu loyiha ishga tushirilishi natijasida metropolitenda kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 40 ming yo‘lovchiga oshishi kutilyapti.

Bundan tashqari, kuniga Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanayotgan yengil avtomobillar 32 mingtaga, kunlik harakat masofasi 480 ming kmga hamda yoqilg‘i sarfi 38,5 ming litrga kamayadi.

Atrof-muhitga avtomobil transportidan ajraladigan zararli gazlar kunlik 3,7 tonnaga qisqarishi mumkin.

Bir yo‘lovchining ushbu yo‘nalish bo‘yicha manziliga yetib olish vaqti 30 daqiqaga (50 dan 20 daqiqaga) tejaladi.

Yerusti halqa metropoliten liniyasining 2-bosqichi ishga tushirilganda 245 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilyapti.

Ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70,5 kilometrdan ziyod bo‘ladi. Bekatlar soni 50 taga yetadi.

Qo‘yliqdan Sergeligacha metro – nimalar kutilyapti?

Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi va Sergeli yo‘nalishini bog‘lovchi Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropolitenda 7 ta bekat bo‘ladi. Uning uzunligi 12 kilometr. Ayni kunlarda uning Quruvchilar dahasigacha borgan 5 ta bekati qurib bitkazildi.

Transport vazirligining aytishicha, yangi bekatlar bitgach, Sergeli va Yangihayot tumani hududidagi 10 ta mahallaning 48 ming nafar aholi va yuqori yo‘lovchi oqimiga ega 9 obyekt yangi metro yo‘nalishi bilan qamrab olinadi.

Hozirda Rohat va Qo‘yliq yo‘nalishi bo‘yicha viloyatdan kirib kelayotgan yo‘lovchilar Sergeligacha 55 daqiqada yetib boradi. Yangi liniyalar orqali Sergeliga Rohat aylanmasidan 20 daqiqa, Qo‘yliq bozoridan 15 daqiqada borish mumkin bo‘ladi.

Sergeli va Yangihayot tumanlari sharqiy qismi aholisining shahar markaziga yetib borish vaqti 50 daqiqadan 25 daqiqaga qisqaradi.

Metropolitenga 5 ta yetkazib beruvchi avtobus yo‘nalishlari tashkil etiladi.

Toshkent shahrida kunlik harakatlanayotgan transport oqimi 40 mingga kamayishi kutilyapti.

Hozirda metropoliten yo‘lovchi oqimi 600 ming nafarni tashkil etmoqda. Yerusti xalqa yo‘nalishining 2 bosqich qurilish ishlari to‘liq yakunlanib ishga tushirilgach, kunlik yo‘lovchi oqimini 1 mln yo‘lovchiga yetkazish imkoniyati yaratiladi.

Yangi barpo etilayotgan 7 ta metro stansiyalari loyihalari asosida har bir metro bekati atrofida ushlab qoluvchi avtoturargohlar barpo etilyapti.

Avtobusda bir yo‘nalishda bir soatda ajratilgan yo‘lda yo‘lovchi tashish quvvati 2,4 ming yo‘lovchi bo‘lsa, metropolitenda ushbu ko‘rsatkich 20 ming yo‘lovchini tashkil etadi. Bunda jamoat transporti tashuv quvvati 8 barobarga oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 8 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent metrosiga tashrif buyurdi. Unda yerusti halqa metro liniyasining Quruvchilar dahasidan Qipchoq bekatigacha bo‘lgan qariyb 4 kilometrlik metro yo‘li ham yaqin oylarda ishga tushirilishi ma’lum qilindi.

Madina Ochilova tayyorladi

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat