«Turon» bekatida shift qismi quladi: ikki kishi jarohatlandi

«Turon» bekatida shift qismi quladi: ikki kishi jarohatlandi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Toshkent metrosining Yer usti halqa yo‘nalishidagi «Turon» bekatida 16 iyul kuni soat 14:34 da shiftning dekorativ qoplama qismlari qulab tushishi oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati oldi va ularga voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatildi.
  • Ushbu hodisa sababli bekatda poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilib, yo‘lovchilar uchun «Qipchoq» va «Quruvchilar» bekatlari oralig‘ida sakkizta bepul metrobus harakati yo‘lga qo‘yildi.

Videolardan kadrlar

Toshkent metrosining Yer usti halqa yo‘nalishidagi «Turon» bekatida shiftning dekorativ qoplama qismlari yo‘lovchilar platformasiga qulab tushdi. Hodisa oqibatida ikki nafar yo‘lovchi yengil tan jarohati olgan, bekatda poyezdlar harakati esa vaqtincha to‘xtatilgan.

Hodisa kunduzi sodir bo‘lgan

«Toshkent metropoliteni» ma’lumotiga ko‘ra, voqea 16 iyul kuni soat 14:34 da «Turon» bekatida yuz bergan.

Shiftning bir qismi siljib, bekat maydoniga tushgan. Jarohatlangan ikki nafar yo‘lovchiga voqea joyining o‘zida zarur birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Toshkent shahar hokimligi ham hodisani tasdiqlab, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bekat shift konstruksiyasining dekorativ qismi shikastlanganini bildirdi.

Hodisa sababini maxsus komissiya o‘rganmoqda

Ayni paytda metropoliten mutaxassislari va tegishli tashkilotlar bekatdagi konstruksiyalarni vizual hamda texnik ko‘rikdan o‘tkazmoqda.

Hodisaning aniq sabablarini belgilash uchun maxsus komissiya tuzilgan. Shu bilan birga, shikastlangan qismlarni tiklash va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.

Yo‘lovchilar uchun bepul avtobuslar qo‘yildi

Tekshiruv va ta’mirlash ishlari tufayli «Turon» bekatida poyezdlar harakati vaqtincha cheklangan.

Yo‘lovchilarning manziliga yetib olishini ta’minlash maqsadida «Qipchoq» va «Quruvchilar» bekatlari oralig‘ida bepul metrobuslar harakati yo‘lga qo‘yildi.

Shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, bekatga tutash yo‘nalishlarga sakkizta qo‘shimcha avtobus chiqarilgan. Ularning harakatlanish oralig‘i uch daqiqani tashkil etadi. Yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari esa hududda transport qatnovini tartibga solmoqda.

Metropoliten yo‘lovchilardan uzr so‘radi

«Toshkent metropoliteni» DUK yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulayliklar uchun yo‘lovchilardan uzr so‘radi.

Kompaniya bayonotida yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash eng ustuvor vazifa ekani ta’kidlandi. Bekatda harakat qachon to‘liq tiklanishi texnik o‘rganish va ta’mirlash ishlari yakunlanganidan keyin ma’lum qilinishi kutilmoqda.

Sizningcha, yangi va amaldagi metro bekatlarida texnik nazoratni yanada kuchaytirish kerakmi?

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar