18:41 / 13.02.2023
311

AQSHda yashayotgan o‘zbekistonlikdan tovlamachilik bilan pul talab qilgan fuqaro ushlandi

AQSHda yashayotgan o‘zbekistonlikdan tovlamachilik bilan pul talab qilgan fuqaro ushlandi
Tovlamachilik qilgan shaxs Samarqand viloyati IIB xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Surxondaryo viloyati Uzun tumanida tug‘ilgan, hozirda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yashovchi 22 yoshli shaxs g‘arazli niyatda ijtimoiy tarmoqlarda ayol kishining nomidan sahifa ochgan.

So‘ng u AQSHda yashaydigan asli Samarqand viloyati Toyloq tumanidan bo‘lgan fuqaro bilan tanishib, u bilan «ishqiy munosabatlar»ga kirishgan.

Ko‘p o‘tmay u AQSHda yashayotgan fuqarodan tovlamachilik bilan pul undirish maqsadida aloqalarni buzgan va uning oilaviy suratlarini montaj qilib internetda tarqatish bilan qo‘rqitgan.

Yigit tovlamachilik yo‘li bilan toyloqlik fuqarodan dastlab Chirchiqdagi bank bo‘limi orqali 600 dollar olgan. So‘ng undan 28 ming dollar talab qilgan.

Mazkur holat yuzasidan surishtiruv o‘tkazilgan va tovlamachining ism-sharifi hamda manzili aniqlangan. Shundan so‘ng Samarqand viloyati IIB jinoyat qidiruv boshqarmasi, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘limi xodimlari tomonidan Toshkent viloyati hududida ushlangan.

Qayd etilishicha, ushbu shaxsga nisbatan Toyloq tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat