Shavkat Mirziyoyev 9 mart kuni Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi – prezident administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarovni qabul qildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, uchrashuv avvalida Aqilbek Japarov davlat rahbariga Sadir Japarovning samimiy salomini yetkazdi. 2023 yil yanvar oyida Bishkek shahrida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston-Qirg‘iziston keng ko‘lamli strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, iqtisodiyot, savdo, energetika, transport va logistika sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish hamda hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Avtomobilsozlikda, paxta-to‘qimachilik klasterlarini tashkil etish, elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish, foydali qazilmalar konlarini birgalikda o‘zlashtirish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini jadal sur’atda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuvda Qambarota-1 GESni birgalikda barpo etishning amaliy jihatlari muhokama qilindi. “Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston” temir yo‘li loyihasini faol tayyorlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. 2023 yilda parlamentlar, hukumatlar, ekspertlar, jamoatchilik va yoshlar darajasida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish mo‘ljallangani ta’kidlandi.
Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.