860
Aktyor Ulug‘bek Muhammadkarimov 35 yildan buyon taksichilik qilishi haqida gapirib berdi
![Aktyor Ulug‘bek Muhammadkarimov 35 yildan buyon taksichilik qilishi haqida gapirib berdi](https://daryo.uz/static/2023/03/641720ac228f9.jpg)
O‘zbek kino olamida asosan salbiy qahramonlarning mahoratli ijrochisi sifatida tanilgan aktyor Ulug‘bek Muhammadkarimov “Daryo” internet-nashriga eksklyuziv intervyu berdi.
Haydovchilikni “botinka” avtobusda boshlaganman
— Mashinaga o‘tirganimdan boshlab taksichilik qilaman. Ilgari mahallamizning yonida Toshkent avtostansiyasi bo‘lardi. O‘sha avtostansiyaga kelgan yo‘lovchilarni olib, shaharga tarqatar edik. O‘sha vaqtda asosan toshkentliklar taksichilik qilardi, chunki taksichi shaharni yaxshi bilishi kerak bo‘lgan.
Mashina haydashni avtobus minib o‘rganganman. 'Botinka' avtobus deyilardi, o‘shanaqa avtobusda haydovchilikni o‘rganganmiz. Menga haydovchilikni o‘rgatayotgan haydovchining o‘zi ham kira qilardi. O‘sha ustozim “Hech qachon mashinada bo‘sh yurmagin, yo‘lingdan chiqqan yo‘lovchini tekinga bo‘lsa ham manziliga eltib qo‘y, u yo‘lingda hamsuhbat, hamdard ham bo‘lib qolishi mumkin”, deb o‘rgatardilar. 18 yoshimdan taksichiman, taksichilik qilayotganimga 35 yildan oshdi.
Quloqni yeydiganlarga qulog‘imni kesib beraman
— Yaqinda tarixiy filmga suratga tushish kerak. Soqollarim o‘sganini ko‘rib, uncha-muncha xaridorlar qo‘rqadi, “nima bu soqolli vahobiymi”, deyishadi. Lekin Matiz ustidagi shaxmatni ko‘rib, ha rostan ham taksichi ekan deydi.
Yo‘ldagi ba’zi bir oliftalar taksi mashinani ko‘rsa, siqib o‘tadi, yo‘l bermaydi, o‘zini ko‘rsatadi. Shunaqa befarosat odamlar bor. Bunaqalarga o‘rganib ketganman, xijolat bo‘lmayman. Taksichi sifatida bir kunda eng kamida 30 ta xaridorga xizmat ko‘rsataman. Ularning barchasi har xil xarakterli insonlar bo‘lishadi. Bir xil yo‘lovchilar ko‘p gapirib quloqni yeb yuborishadi, “Ukam, qulog‘imni kesib beraman, nariroqda gapirib turaqol, men ishlashim kerak”, deyman. Restoranlarni oldida “alkash”lar ko‘p chiqadi, ularni ham manziliga olib borib qo‘yamiz.
Ko‘pincha yo‘lovchilarning buyumlari qolib ketadi. Bir kuni bir rus kampirning notbuki qolib ketgan ekan. Bir amallab u kampirning uyini qidirib, topib, kompyuterini olib borib berganman.
Yo‘lovchilar orasida mashinani iflos qilib ketadigani, o‘zi bilan olib kirgan paket, baklajka, pista po‘choqlarini tashlab ketadiganlari yoki somsa yeb, mashinani hidga to‘ldiradiganlari bor. Bunaqa farosatsizlik qilishmasa yaxshi bo‘lardi.
Taksichilik qilishidan uyaladiganlar bor
— Ba’zi bir insonlar o‘zi doim taksichilik qiladi-yu, lekin bundan uyalib, bu vaqtincha ishim, deyishadi. Shu ishni qilyapsanmi, qilayotgan halol ishingdan hech qachon uyalma. Shu yoshimgacha nechta joyda ishlaganman. Bozorda shirinlik, sigaret sotganman. O‘sha vaqtda institutda o‘qituvchilik qilayotgan ustozlarning latta-putta sotib o‘tirganini ko‘rganman — tirikchilikning aybi yo‘q. Hozirgi yoshlarning tushunchasiga hayron qolaman. Bolaligimizda Toshkentda gaz ham, “svet” ham bo‘lmagan, lekin biz sarosimaga tushmaganmiz. Hozir bir kuni “svet” bo‘lmay qolsa, yoshlar vahima qiladi. Qoyil qolmayman ularga.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar