Aytishlaricha, bahorda, nayson oyida “abri nayson” otliq bulut bo‘larmish. O‘sha bulutdan har yili bir marta, ma’lum vaqtdagina qisqa yomg‘ir yog‘arkan. Uning suvi boshqa yomg‘ir suvlaridan o‘zgacha, barakotli bo‘larkan. Chuqur dengizlarning tubida son-sanoqsiz chig‘anoqlar yil bo‘yi o‘sha yomg‘ir suvini kutib yotisharkan.
Abri nayson yomg‘iri Allohning qudrati bilan dengizning sho‘r suvlarini kesib o‘tib, ularga aralashmay, sof holda haligi chig‘anoqlarga yetib borarkan. Chig‘anoqlar ham barakotli suvni kutib, og‘izlarini ochib yotishar ekan. Nayson yomg‘irining bir tomchisini tutib olgan chig‘anoq o‘sha zahoti og‘zini yumib olar ekan. Bir qancha vaqtdan so‘ng o‘sha bir tomchi suv durga aylanar ekan.
G‘avvoslar jonlarini xavf ostiga qo‘yib, o‘sha durni dengiz tubidan olib chiqishadi. Odamlar uni katta pullarga sotib olishadi. Bir paytlar bir tomchi suv bo‘lgan narsa endi insonlarni aziz va mukarram etadigan ashyosiga aylanadi: uning sohiblari durni har yerga ham ishonavermaydilar. Uylarining eng ichkarisiga, qimmatbaho sandig‘u qutilarning ichiga berkitadilar. Qiymati butun maxluqotdan past bo‘lgan bir tomchi suv endi aziz makonlarni manzil tutadi...
Musulmonlarning ham o‘sha chig‘anoqlar kabi yilda bir marta keladigan “mohi naysoni” – ramazoni, “abri naysoni” – Laylatul qadri bor. Robbimiz bu kechaga “ming oydan yaxshi” deb baho bergan. Alloh ham bu durni – buyuk kechani Ramazondek mukarram oyning ichiga berkitgan. Uning yaxshiliklaridan bahra olganlar buyuk fazlga ega bo‘lgaylar, qalblarida durlar ungaylar, marvaridlar bitgaylar. Oxiratda o‘sha durlar evaziga Allohning yuksak martabalariga erishgaylar...
Yoqub Umar
Manba: Azon.uz
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar