Foto: Kun.uz
AQShda yashash huquqini beradigan DV-2024 dasturi uchun roʻyxatdan oʻtganlar javoblarni 6 may Toshkent vaqti bilan 21:00 dan boshlab tekshirishlari mumkin.
Buning uchun AQSh Davlat departamentining lotereya uchun maxsus saytiga (www.dvprogram.state.gov) kirish hamda ariza topshirgan vaqtda saqlab olingan tasdiq raqamini (Confirmation number) kiritish kerak boʻladi.
Eslatib oʻtamiz, grin karta lotereyasida ishtirok barcha qatnashchilar uchun bepul hisoblanadi. Muayyan xarajatlar faqatgina tanlab olingan arizachilarda, viza olish bilan bogʻliq ravishda yuzaga keladi.
Rasmiy nomi “Xilma-xillik viza dasturi” (Diversity Visa Program) boʻlgan grin-kartadan maqsad – tarixan Amerikaga migratsiya koʻrsatkichlari kam boʻlgan xalqlarga AQShga koʻchib kelib yashash imkoniyatini berish, bu bilan AQSh jamiyatida millatlar xilma-xilligiga erishishdan iborat. Lotereyani har yili dunyo boʻylab Amerikaga koʻchib ketishni istovchi oʻnlab million kishi oʻynaydi. Ular orasida millionlab oʻzbekistonliklar ham bor.
Oʻtgan yili eng koʻp yutuq chiqqanlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari 3-oʻrinni olgandi. DV-2023 dasturida 119 262 arizachi tasodifiy tanlab olingan, ularning 5511 nafari oʻzbekistonliklar boʻlgan. Bundan birozgina koʻproq fuqarosiga omad kulib boqqan Misr va Jazoir birinchi va ikkinchi oʻrinlarni egallagan.
Lotereyada gʻolib chiqish AQShga viza olishni kafolatlamaydi. Buning uchun maxsus formani toʻldirish, shuningdek, elchixonada suhbatdan oʻtish talab etiladi. Viza sohiblari AQShda muqim yashash, ishlash, shuningdek, Amerika fuqarolariga tegishli, saylash va saylanishdan boshqa deyarli barcha huquqlardan foydalanish imkoniyatini qoʻlga kiritadi. Belgilangan muddatdan soʻng AQSh fuqaroligi uchun ariza topshirish ham mumkin boʻladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)