13:30 / 10.05.2023
398

“Yigitning harakati to‘g‘ri malakalangan”. Toshkent viloyati IIBB nashida tarqatgan yigit haqida

“Yigitning harakati to‘g‘ri malakalangan”. Toshkent viloyati IIBB nashida tarqatgan yigit haqida
Foto: Ijtimoiy tarmoqlar
Oliy sud Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi, 21 yoshli U.J.ga Telegram guruhda diniy mazmundagi nashida tarqatgani uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangani haqida xabar berilgandi. Holat jamoatchilik faollari tomonidan ko‘plab e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Toshkent viloyati IIBB holatga munosabat bildirib, U.J. diniy materiallar mazmunini to‘liq anglagan holda tarqatganini ma’lum qildi.
 
Qayd etilishicha, 2022 yilning oktyabr oyida Toshkent viloyati IIBB tomonidan terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar davomida 2002 yilda tug‘ilgan, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida yashovchi fuqaro U.J. ijtimoiy tarmoqlar orqali taqiqlangan diniy materiallarni tarqatib kelish bilan shug‘ullanayotgani xususida ma’lumotlar olingan.
 
Tezkor-qidiruv tadbirlar davomida aniqlanishicha, mazkur shaxs Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan ma’ruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning g‘oyaviy ta’siriga tushgan va ushbu harakatlarni qo‘llab-quvvatlashni boshlagan.
 
U xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov” ma’ruzalarini o‘ziga tanish bo‘lgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shug‘ullangan.
 
Xususan, U.J. tomonidan tarqatilgan materiallar orasida “Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz” nomli nashida ham bo‘lib, unda o‘zbek tilida “mujohid bo‘lish nasib qilgani, karvondan qolmasdan ularga ergashish kerakligi, shahid bo‘lib ketish orzulari ekani, Alloh bergan jonni Allohga sotishlari, Alloh yo‘lida qurbonlik qilishlari, tog‘utlarga qarshi kurashish va mujohid bo‘lib ularga ergashish kerak ekani” mazmunidagi chorlov so‘zlari keltirilgan.
 
Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining ekspertlik xulosasiga ko‘ra, ushbu ma’lumotlar diniy aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bo‘lib, ularni O‘zbekiston hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
 
Ushbu holat yuzasidan 20 fevral kuni fuqaro U.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 (1)-moddasi uchinchi qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanib sodir etilgan bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
 
Ushbu jinoyat uchun qonunchilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan bo‘lsada, 8 may kuni Toshkent viloyati Oqqurg‘on tuman sudi tomonidan U.J.ning shaxsi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda, Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash)ni qo‘llagan holda, belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq bo‘lgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
 
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunining 5-moddasiga ko‘ra, mamlakatda vijdon erkinligini ta’minlashning asosiy ustuvorliklaridan biri sifatida jamoat tartibiga, O‘zbekiston fuqarolarining sog‘lig‘i va axloqiga, huquq va erkinliklariga tahdid soluvchi diniy g‘oyalar hamda qarashlarning singdirilishi va tarqatilishiga qarshi kurashish belgilab qo‘yilgan.
 
Hozirda ayrim OAV va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan U.J. Telegram guruhiga go‘yoki YouTube platformasidagi oddiy diniy qo‘shiq havolasini tarqatgani uchun yoki diniy nashida eshitgani uchun javobgarlikka tortilgani haqida yolg‘on ma’lumotlar tarqatilmoqda.
 
Ta’kidlash lozimki, U.J. shahid bo‘lishga (Hang maydonlarida xudkushlik sodir qilish, o‘zini o‘zi o‘ldirish) da’vat etuvchi o‘zbek tilidagi 'Shahid bo‘lib ketsak rozi bo‘lingiz' nomli diniy qo‘shiq va boshqa bir qator diniy materiallar mazmunini to‘liq anglagan holda ushbu g‘oyalarni tanishlariga ham yetkazish maqsadida Telegram tarmog‘i orqali tarqatgan”, — deyiladi munosabatda.
 
Bunday harakat O‘zbekiston hududida jamoat xavfsizligiga tahdid tug‘diruvchi ijtimoiy xavfli qilmish sifatida baholanib, tergov idoralari tomonidan U.J.ning harakatlari to‘g‘ri malakalangan.
 
Idora O‘zbekistonda qonun ustuvorligi tamoyiliga qat’iy rioya qilgan holda, diniy radikalizm va ekstremizmning har qanday shakliga qarshi murosasiz kurash olib borilishi har tomonlama ta’minlanishini eslatib o‘tgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat