Pul orasida yashirilgan “og‘u”

“Bu erda naq 200 gramm “qoradori bor”, uni olib borib bersang, grammiga 20 ming so‘mdan sanab beradi”
Giyohvandlik qanchalik mudhish illat ekani, uning kasofati bilan har yili minglab insonlar dunyodan erta ko‘z yumayotgani, qancha-qancha oilalar parokandalikka yuz tutib, farzandlar etim qolayotgani hech kimga sir emas. Shu bois, bugun dunyo hamjamiyati bu mash’um illatga qarshi hamkorlikda kurashishga intilmoqda. Xususan, mamlakatimizda ham giyohvand moddalarni etishitirish, saqlash, o‘tkazish singari jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda, deyiladi "Darakchi" nashri.
Shunga qaramay, oramizda bu jirkanch jinoyat orqali mo‘may daromad orttirishga intilib, oxir-oqibat el-yurt oldida yuzi shuvit bo‘layotganlar uchrab turibdi. Ular odil sud qarshisida hisob berib, o‘z qilmishiga munosib jazoga tortilmoqda. Yaqinda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman sudida ko‘rilgan jinoyat ishi ham fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Sud hukmiga ko‘ra, hali o‘ttizga ham bormagan surxondarlik yigit Faxriddin Mullaev o‘z qilmishi sababli uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi. Hali uylanishga ham ulgurmagan yigitning nojo‘ya xatti-harakalari uning kelajagini ham so‘roq ostiga qo‘ydi.
Faxriddin shu paytgacha aniq bir ishning boshini tutmagan, biroq qayerdan mo‘may daromad hidini olsa, uyqusi qochadiganlar xilidan edi. Kunlarning birida tog‘asi Ubaydulla Salamatov unga “yog‘li” bir ish haqida gap ochib qoldi. Gap shundaki, U.Salamatov ilgari ham giyohvand moddalar savdosida ayblanib, sudlangan, biroq qamoqdan chiqqach to‘g‘ri yo‘lni tanlash o‘rniga yana eski “hunari”ni ishga sola boshlagandi.
Ma’lum bo‘lishicha, dastlabki tergovda aniqlashning imkoni bo‘lmagan “Ilhom” ismli shaxs Ubaydulla Salamatovga Tojikiston Respublikasidan mamlakatimiz bojxona nazoratini chetlab o‘tgan holda ko‘p miqdordagi “opiy” giyohvandlik vositasini etkazib turgan. Ubaydulla o‘z navbatida jiyani Faxridin orqali bu “zahri qotil”ni mazkur jinoiy halqaning yana bir bo‘g‘ini hisoblangan Tilla Abdulhakimovga etkazgan. Tilla Abdulhakimov esa, “tovar”ni Toshkentdagi jinoiy sherigi B.Atabaevga jo‘natib yuborgan. Albatta, Atabaev ham “og‘u”ning bir qismini o‘zi iste’mol qilishi uchun olib qolar, qolganini esa, ustamasi bilan tanish-bilishlariga pullashga urinardi.
Bu gal ham bari puxta o‘ylangan reja bo‘yicha boshlandi. 2015 yilning 15 may kuni “Ilhom” ko‘p miqdordagi “opiy”ni chegaradan aylanma yo‘llar orqali O‘zbekistonga olib kiradi. Ubaydulla ushbu “tovar”ning har grammi uchun 15 ming so‘mdan naqd sanab bergach, jiyanini yoniga chaqiradi: “Bu erda naq 200 gramm “qoradori bor”, seni uni Tilla akangga olib borib bersang, har grammiga 20 ming so‘mdan sanab beradi”.
Bu savdodan yaxshigina ulush olishini bilgan Faxriddin “tovar”ni qo‘ltiqlagancha Tilla Abdulhakimovning uyiga yuguradi. Sheriklar bu gal uni aldamaganiga ishonch hosil qilgan Tilla Faxriddindan 4 million so‘m berib yuboradi.
Tilla bu “xomashyo”ni shundayligicha sotmas, aksincha uni “pishitib” tarkibidagi ortiqcha moddalarni ajratib olar, hosil bo‘lgan “mahsulot”ning har grammini toshkentlik “xaridoriga” 100 ming so‘mdan pullardi. Albatta, “qayta ishlash jarayonida, 200 gramm “xomashyo”dan 85 gramm “asl mahsulot” hosil bo‘lgandi. Shunda uning tannarxi ham, foydasi ham bur necha baravar oshardi. Tilla bu gal ham xuddi shunday yo‘l tutdi.
Termizdan Toshkentga qatnaydigan mashinalar maydonchasiga kelib, haydovchilardan birini yoniga chaqirdi va qo‘liga bank kassasida o‘ralib muhrlangani ko‘rinib turgan bir necha taxlam pulni uning qo‘lga tutqazdi: “Shu “omonat”ni toshkentlik bir “akaxon”ga etkazish kerak!” Haydovchi ma’lum to‘lov evaziga pulni o‘z egasiga etkazishni o‘z zimmasiga oldi.
Sodda haydovchi taxlab o‘ralgan mingtalik va besh yuztalik pullarning o‘rtasi o‘yib olinib, ichiga naq 85 gramm “og‘u” joylanganini qayerdan ham bilsin? “Omonat”ni qabul qilib olgan B.Atabaev “zahri qotil”ning bir qismini o‘ziga olib qoldi. Yana bir qismini har grammini 120 ming so‘mdan M.Asqarov va H.Hasanvlarga pulladi. Sotish uchun esa, hali yana anchasi qolgandi.
Ko‘p o‘tmay yana bir xaridor o‘z oyog‘i bilan keldi. Anchadan beri bu jinoiya guruhning hatti-harakatlari huquq-tartibot organlari e’tiboriga ham tushib bo‘lgandi. Shu bois, B.Atabaev 0,21 gramm giyohvand moddani sotib olish uchun u bilan uchrashuv belgilagan navbatdagi xaridorning kimligini bilolmay qoldi.
Sotuvchi va “xaridor” poytaxtimizning kichik xalqa yo‘li chetida joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchasi yonida ko‘rishadigan bo‘ldilar. U 0,21 gramm “opiy”ning pulini cho‘ntagiga solib ulgurmasidan organ xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Tergov davomida jinoiy halqaning boshqa a’zolari ham birma-bir aniqlandi. Bu “to‘da”ning har bir a’zosi o‘z qilmishiga yarasha jazoga tortildi. Ular qatorida Faxriddin Mullaev ham jinoyat qonunchiligida belgilangan tartibda, aniqrog‘i 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Xalqimizda “jinoyat jazosiz qolmaydi” degan naql bor. Ammo, kimningdir xatosi va topgan “oqibati” boshqalar uchun ibrat bo‘lganida edi, bu kabi jinoyatlarning soni qisqargan bo‘larmidi? “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing