19:30 / 09.06.2023
90

Elektron ishonchnomani masofadan bekor qilish imkoni yaratildi

Elektron ishonchnomani masofadan bekor qilish imkoni yaratildi
Foto: my.gov.uz
My.gov.uz portalida “Avtotransport boshqaruvi uchun jismoniy shaxslarga taqdim qilingan elektron ishonchnomani bekor qilish” xizmati ishga tushirildi.
 
Portalning rasmiy kanalida ma’lum qilinishicha, endi mulkdorlar avtotransport boshqaruvi uchun rasmiylashtirgan elektron ishonchnomani masofadan turib bekor qilish imkoniyatiga ham ega.
 
Xizmatdan foydalanish uchun my.gov.uz portalidan olingan ishonchnomaning seriyasi va raqamini kiritish kifoya. Xizmat uchun haq olinmaydi.
 
Bu xizmat orqali faqat my.gov.uz portalida rasmiylashtirilgan elektron ishonchnomalarni bekor qilish mumkin. Notariusda rasmiylashtirilgan ishonchnomalarni muddatidan oldin bekor qilish uchun notarial idoraga murojaat qilinadi.
 
Eslatib o‘tamiz, avtomobil uchun QR-kodli elektron ishonchnoma rasmiylashtirish o‘tgan yili sentyabrdan yo‘lga qo‘yilgan edi. Bunda undiriladigan davlat boji – ishonchnoma 1 oygacha muddatga tuzilganda 99 ming so‘m, 6 oygacha muddatga tuzilganda 495 ming, 3 yilgacha muddatga tuzilganda 990 ming so‘mni tashkil etadi.
 
Ma’lumot uchun, 2019 yildan boshlab yaqin qarindoshlarning avtomobilini boshqarish uchun ishonchnoma rasmiylashtirish shart emas deb belgilangan. Biroq, avtomobilni boshqaruvchi shaxs yaqin qarindosh bo‘lgan taqdirda ham u majburiy sug‘urta polisida ko‘rsatilgan bo‘lishi yoki sug‘urta avtomobilni cheklanmagan shaxslar boshqarishini ko‘zda tutgan holda tuzilishi zarur.
 
2023 yilgi davlat dasturiga asosan, yil oxiriga qadar my.gov.uz portali orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari soni 370 dan 570 taga ko‘paytirilishi kerak.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Elektron ishonchnomani masofadan bekor qilish imkoni yaratildi
ePN