12:23 / 13.06.2023
60

Toshkentda “Turizm halqasi” barpo etishga 100 mlrd so‘m ajratiladi

Toshkentda “Turizm halqasi” barpo etishga 100 mlrd so‘m ajratiladi

Toshkentning Shayxontohur tumanida 20,7 kilometr uzunlikdagi “Turizm halqasi” barpo etiladi. Bu haqda prezidentning Shayxontohur tumanini rivojlantirishga oid qarorida belgilandi.

Hujjatga ko‘ra, shu maqsadda respublika budjetidan Toshkent shahar mahalliy budjetiga 3 yil muddatga 100 milliard so‘m budjet ssudasi (qaytarish sharti bilan yuqori turuvchi budjetdan quyi turuvchi budjetga ajratiladigan pul) ajratiladi.

“Turizm halqasi”ni barpo etishda quyidagilar nazarda tutilishi lozim: uzilishsiz piyodalar yo‘lagi, veloyo‘laklar hamda yashil hududlar barpo etish, sug‘orish va irrigatsiya-drenaj tarmoqlarini rekonstruksiya qilish, hunarmandchilik markazlari va tematik saylgohlar tashkil etish, aholi gavjum ko‘chalarni tun-u kun faoliyat ko‘rsatadigan savdo, ko‘ngilochar, gastronomik va turizm ko‘chalariga aylantirish, Toshkent shahrining tarixiy darvozalarini qaytarish.

Qarorda belgilanishicha, Shayxontohur tumanining arxitektura qiyofasini yaxshilash va investitsion jozibadorligini oshirish maqsadida 2024-yil 1-iyungacha bosqichma-bosqich tuman hududlarining loyiha konsepsiyasi (dizayn kod va master rejalari) ishlab chiqiladi.

Salohiyatli investorlarni jalb etgan holda, konsepsiya asosida zamonaviy savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, energiya tejamkor texnologiyalar asosida turar joy majmualari barpo etiladi.

Toshkent shahri Shayxontohur tumanida “Turizm halqasi”ni barpo etish bo‘yicha yo‘l xaritasiga quyidagilar belgilangan:

  • 2023—2024-yillarda Shayxontohur tumanida 2 ming o‘rinli 8 ta zamonaviy mehmonxona tashkil etish;
  • 2023-yil noyabrgacha Oqtepa kanali hamda Labzak va O‘rda mahallalaridan oqib o‘tuvchi Anhor bo‘yi ko‘chasidagi kanal bo‘yida saylgoh tashkil etish;
  • 2024-yil iyulgacha Shayxontohur tumani hududida mavjud bo‘lgan tarixiy darvozalarni tiklash (yoki ramziy darvozalar o‘rnatish);
  • 2023-yil oktabrgacha Abdulla Qodiriy ko‘chasida barpo etilgan saylgoh qismlarini bog‘lovchi piyodalar ko‘prigini barpo etish;
  • 2023-yil iyulgacha Abdulla Qodiriy ko‘chasidagi saylgohni xususiy boshqaruvga berish;
  • 2023-yil noyabrgacha Gulbozor mahallasida Toshkentning qadimgi tarixiy ko‘rinishini saqlab qolgan holda turizm ko‘chasini tashkil etish;
  • 2024-yilgacha Samarqand darvoza ko‘chasidan o‘tgan Jangoh, Chuqurko‘prik va Zaxariq kollektorlarini tuproq bilan to‘ldirish. Paydo bo‘lgan bo‘sh yer maydonlarini auksion orqali savdoga chiqargan holda ko‘ngilochar ko‘chalar, restoranlar, savdo-xizmat ko‘rsatish obyektlarini tashkil etish.

Bundan tashqari, 2023-yil dekabrgacha Chorsu va Eski jo‘va bozorlarini tartibga keltirilib, turistik jozibadorligi oshirish, 2024-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sherikchilik shartlari asosida O‘zbekiston davlat sirki binosini rekonstruksiya qilish ham belgilangan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkentda “Turizm halqasi” barpo etishga 100 mlrd so‘m ajratiladi
ePN