18:36 / 05.07.2023
265

Prezident Chilonzor tumani bo‘yicha qaror imzoladi

Prezident Chilonzor tumani bo‘yicha qaror imzoladi
"Bunyodkor" stadioni avtoturargohi / Foto: Yandeks-xarita

Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni “Toshkent shahri Chilonzor tumanining sanoat salohiyati va investitsiya jozibadorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror imzoladi.

Qarorga ko‘ra, Chilonzor tumani Beshqo‘rg‘on va Tirsakobod mahallalaridagi 320 gektar maydonda 30 yil muddatga kichik sanoat zonasi maqomidagi “Industrial hudud” tashkil etiladi. Hukumat komissiyasiga u yerda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatini 1 oy muddatda tasdiqlash topshirildi.

Chilonzor tumanining sanoat salohiyati va investitsiya jozibadorligini oshirish choralari uchun 2023-2024 yillarda respublika budjetidan poytaxt budjetiga 3 yil muddatga 100 mlrd so‘m ssuda ajratiladi.

“Bunyodkor” stadioni avtoturargohining 5,5 gektarlik qismida kamida 200 mln dollar qiymatdagi “Chilonzor City” quriladi. U yerdan mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari, ko‘p qavatli uylar va ko‘p qavatli avtoturargoh joy oladi.

Vazirlar Mahkamasiga yil oxiriga qadar yer uchastkalarini loyiha tashabbuskorlariga o‘rnatilgan tartibda ajratilishini ta’minlash yuklatildi.

Shuningdek, tasdiqlangan yo‘l xaritasiga ko‘ra:

  • 2023 yil davomida Chilonzor tumani mahallalari hududidagi 10 sotixdan kam bo‘lmagan bo‘sh yer maydonlarida kichik bog‘lar va sayilgohlar tashkil etiladi. Bunga 10 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
  • 2023 yil avgustda, tumandagi maktabgacha va maktab ta’limiga xususiy sektorni jalb qilish maqsadida davlat bog‘chalari va maktablarining yer maydonlari xatlovdan o‘tkaziladi. Aniqlangan bo‘sh yer maydonlari 2023 yil oktyabr oyida bog‘cha va maktab tashkil etish uchun xususiy sektorga ijaraga beriladi.
  • 2023 yil avgustda “Ruboiy” nimstansiyasida bitta 40 ming KW quvvatli va “Chilonzor” nimstansiyasida bitta 25 ming KW quvvatli yangi transformatorlar o‘rnatiladi. Buning uchun 17 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
  • 2023-2024 yillarda Bo‘rijar kanalining ikki yoni obodonlashtirilib, aholi dam olish maskani, sport maydonchalari, umumiy ovqatlanish va savdo shoxobchalarini o‘z ichiga olgan gastronomik ko‘cha (sayilgoh) tashkil etiladi. Bunga 40 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
  • 2024 yilda Anhor kanalining Chilonzor tumani Kichik halqa yo‘lidan Naqqoshlik ko‘chasigacha oqib o‘tuvchi 1,7 km uzunlikdagi qismi ham obodonlashtirilib, sayilgohga aylantiriladi. Bunga 17 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
  • 2025 yilda Bunyodkor shoxko‘chasi yon qismidan Toshkent avtomobil halqa yo‘ligacha oqib o‘tuvchi 4,1 km uzunlikdagi Qoqnus kanali obodonlashtirilib, sayilgohga aylantiriladi. Bunga 28 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
  • 2024-2025 yillarda Bunyodkor shoxko‘chasi va 2-Qatortol ko‘chasi kesishgan chorrahadagi (poytaxt bojxona boshqarmasi oldida) muntazam tirbandlikni inobatga olib, bu chorrahada yo‘l o‘tkazgich quriladi. Qurilish respublika budjetidan moliyalashtiriladi, loyiha qiymati loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq aniqlanadi.
  • Diyor mahallasidagi Toshkent xodimlarni boshqarish va mehnatni muhofaza qilish kolleji binosining bo‘sh turgan maydonlarida yoshlar va xotin-qizlarni zamonaviy kasblarga o‘rgatish maqsadida “amaliy monomarkaz” tashkil qilinadi. Bino shu maqsadda tadbirkorlarga ijara stavkasining minimal miqdori bo‘yicha tanlov asosida ijaraga beriladi.

Qarorga ko‘ra, 2024-2025 yillarda Chilonzorda respublika budjeti hisobidan 1 ta yangi bog‘cha quriladi, 6 ta bog‘cha va 6 ta maktab mukammal ta’mirlanadi, 1 ta poliklinikaga qo‘shimcha bino qurib beriladi.

Hujjat bilan 2023-2025 yillarda Chilonzor tumanining sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish bo‘yicha investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlandi. Unga 51 ta loyiha kiritildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident Chilonzor tumani bo‘yicha qaror imzoladi
ePN