22:33 / 11.07.2023
509

Rejissor Zebo Navro‘zova kelinlarini ishlab pul topishga undashi haqida gapirdi

Foto: Instagram / @zebo_navruzova_official

Rejissor Zebo Navro‘zova jurnalist Shoira Mirsodiqova bilan bo‘lgan suhbatda shaxsiy hayoti bilan bog‘liq ko‘plab savollariga javob berdi.

Xususan, kelinlarini ishlashga undashining sababi, Asal Shodiyeva bilan munosabati va shu yoshda ham uning tark etmayotgan “kasalligi” haqida gapirib o‘tdi.

— Asal Shodiyeva ajoyib, yulduz kelin. O‘ziga yarasha erkaligi bor. Ammo eng muhimi yaxshi oilada tarbiyalangan. Kelinlarim hamisha o‘zi va ishi bilan band. Muhammadalining turmush o‘rtog‘i Irodaxon tadbirkorlik bilan shug‘ullanadi. Uning ishlab chiqarish sexi bor, qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Uning qo‘l ostida ancha-muncha odam ishlaydi. Humora kelinim esa turmushga chiqqanidan keyin ancha yil farzand tarbiyasi bilan band bo‘lgandi. Bolalari ulg‘aygach, o‘zim uning ishlashi va puli bo‘lishini istadim. Chunki ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Alloh bilguvchi, ertaga men yoki o‘g‘limga nima bo‘lishini hech kimga ayon emas. Men uchta bolam bilan yolg‘iz qolib ketib, ularni oyoqqa qo‘yishga majbur bo‘ldim. Bu hayotda har narsa bo‘lishi mumkin, shuning uchun nafaqat o‘g‘il, qiz bola ham kasb-kori bilan shug‘ullanishi kerak. Humora kelinim shuncha yil uyda o‘tirib, endi kasbida o‘z o‘rnini topishga harakat qilyapti. 

Foto: Instagram / @zebo_navruzova_official

Ijtimoiy tarmoqlarda “Kelinlaringiz har doim ko‘cha”da deb yozishadi. “Nima qilibdi, ular ishi bilan shug‘ullanyapti”, deyman. Kelinlarimga hammasini uddalash, ish va oila bilan birga o‘ziga ham e’tibor berishi kerakligini aytaman. Yosh, o‘ziga qarab, kiyinib yursa nimasi yomon. Kelinlarning boriga shukr, ammo ular baribir qiz bo‘lolmas ekan. Qarigan chog‘da odam betob bo‘lsa baribir ulardan xijolat tortadi deb o‘ylayman. Keyingi paytda shular haqida o‘ylayapman, — deydi rejissor Zebo Navro‘zova.

Uch kelinning qaynonasi Zebo Navro‘zova qanday kelinlardan qo‘rqishi haqida ham aytib o‘tdi.

Foto: “Daryo” / Dilruh Isomiddinova

— O‘zining bosar-tusarini bilmay qoladigan, dilozor, “zvezda” kelinlardan Alloh saqlasin. Bunday inson nafaqat qaynonani, balki butun boshli jamiyatni ham kemiradi.  Yulduzlik go‘zalligi o‘tib, yuzini ajin bosganidan keyin xatolarini tushunib yetadi. Ammo u paytida kech bo‘lishi ham mumkin. Sababi uning dilozorligidan charchagan insonlar uni o‘zidan olib qochishga harakat qilishadi. To‘g‘ri, o‘zim ham qaynonaning xizmatini qilgan kelin emasman. Baxtga qarshi turmushdan yosh ajraldim, qaynona bilan yashash nasib etmadi. Ammo bilganlarimni kelinlarimga o‘rgataman, — deydi Zebo Navro‘zova.

Rejissor o‘g‘illaridan uyalishining sababi va ular bergan pulni nimalarga sarflashi haqida aytib o‘tdi.

Foto: Instagram / @zebo_navruzova_official

— Yolg‘iz yashash oson emas, qancha qiyinchilik ko‘rganimni o‘zim bilaman. Ammo shunda ham boshqa onalarga o‘xshab, o‘g‘illarimdan nimadir so‘rashga uyalaman. Ba’zan “Antaliya yoki boshqa xorij davlatiga boring, hamma xarajatlarni qoplaymiz”, deyishadi. “Bormay qo‘yaqolay, undan ko‘ra sarflaydigan xarajatni o‘zimga beringlar”, deyman. Kasbga bo‘lgan muhabbat ham bir kasallik bo‘lsa kerak, film olishni yaxshi ko‘raman. Shu yoshimda ham ijodiy g‘oyalar ustida ishlayman. Yashirmayman, shu paytgacha olgan filmlarimning faqatgina bittasini xonanda Lolaning otasi Ravshan Yo‘ldoshev moliyalashtirgan. Qolgan filmlarimning prodyuseri o‘g‘lim Shohruhxon bo‘ldi. Keyinchalik Muhammadali va Shuhrat o‘g‘illarim ham yordam berishdi, — deydi Zebo Navro‘zova.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rejissor Zebo Navro‘zova kelinlarini ishlab pul topishga undashi haqida gapirdi
ePN