Foto: Prezident matbuot xizmati
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida O‘zbekiston saylangan prezidenti Shavkat Mirziyoyev tantanali qasamyod qilib, o‘z lavozimiga kirishdi.
Tantanali marosimni avvalida Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev so‘zga chiqib, Shavkat Mirziyoyevga prezidentlik guvohnomasini topshirdi. Ayni paytda davlat rahbari nutq so‘zlamoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni men inson huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini ta’minlashga qaratilgan siyosatimizning yana bir yuksak e’tirofi sifatida qabul qilaman”, – dedi prezident.
9 iyul kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovi natijalariga ko‘ra Shavkat Mirziyoyev 87,05 foiz ovoz olib, g‘olib bo‘lgandi. Robaxon Mahmudova 4,43 foiz, Ulug‘bek Inoyatov 4,02 foiz, Abdushukur Hamzayev 3,74 foiz ovoz olgandi.
Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik faoliyati
Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident saylovi yakunlari bo‘yicha saylovchilarning 88,61 foiz ovozi bilan O‘zbekiston prezidenti etib saylangan. 2021 yil 24-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovida 80,1 foiz ovoz bilan O‘zbekiston prezidenti etib qayta saylangan. 6 noyabr kuni Oliy Majlis Senati binosida inauguratsiya marosimi bo‘lib o‘tgan.
Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev ochib berib, Shavkat Mirziyoyevga prezident guvohnomasi va MSK shahodatnomasini topshirgan. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Qur’oni Karimga qo‘l qo‘ygan holda qasamyod qilgan va yig‘ilganlar qarshisida nutq so‘zlagan.