16:44 / 19.07.2023
694

Farzandli bo‘lish uchun ko‘plab mashaqqatlarni yengib o‘tgan o‘zbekistonlik mashhurlar

Farzandli bo‘lish uchun ko‘plab mashaqqatlarni yengib o‘tgan o‘zbekistonlik mashhurlar

Farzand oilaning quvonchi va uning mustahkamligini ta’minlovchi rishta hisoblanadi. Uning naqadar baxt ekanligini farzadli bo‘lishni uzoq yil kutgan insondan yaxshiroq his qiladigani bo‘lmasa kerak. 

Samandar Hamroqulov: “Ko‘z tegib... 15 yil kutdim”

Foto: Instagram / @samandar_xamraqulov_

— 15 yil avval ham ayolim homilador bo‘lgan. Ammo homila rivojlanmay nobud bo‘lgandi. Shu bois bu gal yangilikni hech qayerda ovoza qilishni istamadim. Ko‘z, nazar degan narsa bor. Homila rivojlanmay nobud bo‘lib qolgan paytda ham ichimdan “ertaroq xursand bo‘lib qo‘ydimmikan”, degan o‘y o‘tgan. “Yangilik bormi?”, deb so‘ragan tanishlarga xursand bo‘lib, “Ha, mana buncha haftalik bo‘ldi, bunchalik bo‘ldi”, deb aytganman. Shuning uchun ko‘z tegdimikan, deb o‘ylab qolganman. Shu sababli bu safar farzandli bo‘lish xabarini eshitganimda, hech kimga aytishni istamadim. Ayolim bilan bir necha bor farzand asrab olish haqida o‘ylaganmiz. Ammo uning ham oziga yarasha shar’iy qonun-qoidalari bor ekan. Shukrki yaratgan bizni 15 yil deganda farzand bilan siyladi. Unga Maryam deb ism qo‘ydik, — deydi Samandar Hamroqulov.

 Anvar Azimov 7 yil deganda qiz farzandli bo‘ldi

Foto: Instagram / @azimovanvar

Teleboshlovchi Anvar Azimov ham 7 yil deganda farzandli bo‘ldi. U 2018-yili Malika ismli qiz bilan oila qurgandi. Ammo u bu haqida biror marta ommaga oshkor qilmagandi. Anvar Azimov qizalog‘iga Xayriniso deb ism qo‘ydi.

 — O‘zingga shukr Allohim, — deb Instagram tarmog‘iga qisqagina post joyladi Anvar Azimov.

Jamshid Hojiniyozov: “Mehribonlik uyidan bola olmoqchi edik...”

Boshlovchi, prodyuser va rejissyor Jamshid Hojiniyozov ham ikkinchi bor ota bo‘lishni 16 yil kutgan.

Foto: Instagram / @jamshidxojiniyozov

— Ayolim bilan 1999-yil oila qurganmiz. Qizim Sevinchxon 2000-yil dunyoga kelgan. Ammo undan keyin Allohim 16 yil davomida bizga farzand ato etmadi. 2015-yili ayolim Ziyodaxon bilan maslahatlashib, Mehribonlik uyidan farzand asrab olmoqchi bo‘ldik. Ammo hujjatlarni topshirgandan keyin bir yil kutish kerakligini aytishdi. U vaqt kelguniga qadar Allohim bizga o‘g‘il farzand ato etdi, — deydi Jamshid Hojiniyozov.

Avaz Oxun: “7 yil kutdik”

Qiziqchi Avaz Oxun birinchi farzandi dunyoga kelganidan so‘ng 7 yilgacha boshqa farzandli bo‘lolmagan. 

Foto: Instagram / @avaz_oxun_official

— Birinchi qizim yetti yoshga kirguncha keyingi farzandim bo‘lmadi. Xudoga shukr undan so‘ng ketma-ket uchta farzandim tug‘ildi. Yetti yilda bitta farzandim tug‘ilgan bo‘lsa, uchta farzandim to‘rt yilda dunyoga keldi.
Roppa-rosa 7 yildan so‘ng u o‘g‘il farzandli bo‘lgan va unga Abdulloh deb ism qo‘ygan. Undan keyin qiziqchi egizak qizlarning otasi bo‘lgan.

Umida Norboyeva: “12 yilda egizak farzandli bo‘ldim”

“Iskanja” va “Dengiz guli” seriallaridagi ishtiroki bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Umida Norboyeva ham 12 yil deganda homilador bo‘ldi. U Instagram sahifasiga video joylab, quvonchli xabarni kuzatuvchilari bilan bo‘lishdi.

Foto: Instagram / @umida_norboyeva_official

— Kimdir befarzand ekanligimni biladi, kimlardir yo‘q. Ammo men homilador bo‘lishni 12 yil kutdim. “Qachon homilador bo‘lar ekanman? Bu baxt menga nasib etadimi?” deb ko‘p o‘ylardim. Shukrki, 12 yilda bo‘lsa-da, bu baxt nasib etdi. Egizak qiz farzandli bo‘ldim, — deydi aktrisa Umida Norboyeva.

Nargiz Yandasheva: “Uzoq yil farzandsizlikdan qiynaldim”

Xonanda Nargiz Yandasheva ham 12 yil deganda farzandli bo‘lgan. U farzandli bo‘lishdan butkul umidini uzgani va ba’zi hamkasblaridan ranjigan kunlarni quyidagicha eslaydi.

Foto: Instagram / @nargiz_singer

— Ona bo‘lgach, eski xotiralarning barini unutib yubordim. Ammo farzandsizlikdan qiynalayotgan ayollarga umid berish uchun ularni eslab turaman. 12 yil davomida homilador bo‘lishga harakat qilganman. Ko‘rinmagan shifokorim, tabibim qolmagan. Hatto o‘zbek shifokorlariga ishonmay ham qo‘ygandim. Ba’zi hamkasblarimning “Voy, hali ham tug‘madingizmi?”, “Bolangiz yo‘q-ku, bizdan keyin sahnaga chiqsangiz ham bo‘ladi?” kabi gap-so‘zlari yuragimga xanjardek sanchilardi. Turmush o‘rtog‘imga ajrashishni yoki boshqa ayolga uylanishni ham taklif qilganman. Homilador ekanligimni eshitganimda hayotim tubdan o‘zgarib ketdi. Farzand haqiqatan ham oilaga baraka, fayz va mehr olib kirarkan, — deydi xonanda Nargiz.


Manba: Daryo.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Farzandli bo‘lish uchun ko‘plab mashaqqatlarni yengib o‘tgan o‘zbekistonlik mashhurlar
ePN