12:13 / 23.07.2023
224

Jismoniy shaxslarning muddati o‘tgan qarzdorliklari undirilishiga doir tavsiyalar

Jismoniy shaxslarning muddati o‘tgan qarzdorliklari undirilishiga doir tavsiyalar

Markaziy bank boshqaruvi tomonidan jismoniy shaxslarning muddati o‘tgan qarzdorliklarini undirishda ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni ta’minlashga doir tavsiyalar tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, ushbu tavsiyalar jismoniy shaxslarning muddati o‘tgan qarzdorliklari undirilishiga doir quyidagi maqsadlarga erishilishini ta’minlash uchun ishlab chiqilgan:

  • kredit undiruvi jarayonida kredit tashkilotlari tomonidan qarzdor-jismoniy shaxslarning huquqlari buzilishini hamda bank sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni qonunchilikka zid ravishda oshkor etilishining oldini olish;
  • muddati o‘tgan kredit to‘lovlarini undirish bo‘yicha shartnoma va qonunchilikka zid bo‘lgan xatti-harakatlar amalga oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik;
  • kredit tashkilotlari xodimlari tomonidan kredit qarzdorligini undirish jarayonida odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash;
  • muddati o‘tgan kredit qarzdorligi yuzaga kelganda qarzdorga nisbatan turli insofsiz amaliyotlar (tinimsiz takroriy qo‘ng‘iroqlar, qarzdorlikni to‘lamaslik oqibatlari to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar berish, qarzdorlarni boshqa shaxslar oldida obro‘sizlantirish va h.k.) qo‘llanilishining oldini olishga erishilishini ta’minlash.

Bunda ushbu tavsiyalar fuqarolarning muddati o‘tgan kredit qarzdorligi yuzaga kelganda kredit tashkiloti tomonidan qarzdorlar bilan bog‘lanish usullari, qarzdorlarga qo‘ng‘iroq qilish hamda shaxsiy uchrashuvlar bo‘yicha me’yorlar, qarzdorlarga yuboriladigan xabarnoma mazmuniga qo‘yilgan talablar, shuningdek, kredit tashkilotlari va qarzdor-jismoniy shaxslar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa tegishli qoidalarni o‘z ichiga olgan.

Xususan, kredit tashkilotlarga qarzdorlikni qaytarish bo‘yicha o‘zaro munosabatlarga kirishida quyidagilar taqiqlanadi:

  • qarzdorga va uchinchi shaxslarga jismoniy kuch ishlatish yoki kuch ishlatish bilan tahdid qilish, joniga qasd qilish yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan tahdid qilish;
  • mol-mulkini yo‘q qilish yoki zarar yetkazishga, shu turdagi yo‘q qilish yoki zarar yetkazish bilan tahdid qilish;
  • insonlar hayoti va sog‘lig‘iga xavfli bo‘lgan usullarni qo‘llash;
  • qarzdorga va uchinchi shaxslarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsituvchi gaplarni ishlatish yoki boshqa harakatlarni sodir etish orqali qarzdor yoki boshqa shaxslarga ruhiy bosim o‘tkazish;
  • qarzdorga yoki uchinchi shaxslarga istalgan boshqa noqonuniy zarar yetkazish yoki huquqlarini suiiste’mol qilish.

Kredit tashkilotining tashabbusiga ko‘ra, quyidagi hollarda qarzdor bilan bevosita o‘zaro munosabatlarga kirishishga yo‘l qo‘yilmaydi:

  • soat 20:00 dan 8:00 gacha bo‘lgan vaqtda;
  • haftada bir martadan ortiq shaxsiy uchrashuvlar;
  • telefon aloqa orqali kuniga bir martadan ortiq, haftasiga ikki martadan, oyiga 8 martadan ortiq.

Kredit tashkiloti xodimi qarzdor bilan har safar shaxsiy uchrashuv asosida o‘zaro munosabatlarga kirishishda qarzdorga kredit tashkilotining nomi hamda tashkilot nomidan uchrashayotganligini bildirgan holda o‘zining ismi, familiyasi va sharifi to‘g‘risida ma’lumot berishi lozim.

Kredit tashkiloti tomonidan qarzdorga elektron aloqa tarmoqlari orqali matnli, ovozli va boshqa xabarlarni yuborishga quyidagi hollarda yo‘l qo‘yilmaydi:

  • soat 20:00 dan 8:00 gacha bo‘lgan vaqtda;
  • kuniga ikki martadan ortiq;
  • haftasiga to‘rt martadan ortiq;
  • oyiga 16 martadan ortiq.

Markaziy bank xabarida qayd etilishicha, kredit tashkilotlari tomonidan mazkur tavsiyalarni amaliyotga joriy qilinishi qarzdor-jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishining oldi olinishiga, ular bilan o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan munosabatlarni tashkil etilishiga hamda fuqarolarning kredit tashkilotlariga nisbatan ishonchi oshishiga xizmat qiladi.

Tavsiyalar bilan batafsil ushbu havola orqali tanishish mumkin.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jismoniy shaxslarning muddati o‘tgan qarzdorliklari undirilishiga doir tavsiyalar
ePN