16:00 / 25.07.2023
213

Samarqandda “Shirin” shaharchasi barpo etiladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Samarqand shahrida “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoylar kompleksi barpo etiladi. Bu haqda prezidentning tegishli qarori imzolandi.

Unga ko‘ra, ushbu shaharcha Samarqandning me’moriy qiyofasini yanada yaxshilash va obodonlashtirish, xorijiy va mahalliy investorlar uchun jozibadorligini oshirish, shaharning turizm salohiyatidan samarali foydalanish, shuningdek, zamonaviy biznes, moliyaviy va turistik infratuzilmalarni rivojlantirishni ta’minlash maqsadida 2023—2030-yillarda barpo etiladi.

Samarqand viloyati hokimligi huzurida davlat muassasasi shaklida “Shirin” zamonaviy ishbilarmonlik markazi va turarjoylar kompleksini barpo etish direksiyasi tashkil etiladi. Shaharchani barpo etish doirasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun direksiya shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i ochiladi.

2023-yil 1-sentabrga qadar direksiyaga “Mahalla” xayriya jamoat fondining hokimlik mablag‘lari hisobidan 3 yilga 150 milliard so‘m foizsiz qarz ajratiladi.

Ushbu mablag‘lar jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplashga, shaharcha uchun zarur infratuzilma obyektlarini barpo etishga, ijtimoiy soha obyektlarini qurishga yo‘naltiriladi.

Hujjatga ko‘ra, shaharchani 665,15 gektar maydonda barpo etish rejalashtirilmoqda. Shundan 84,8 gektari qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalari bo‘lib, ular aholi punktlari yerlari toifasiga o‘tkaziladi.

Yer uchastkalari davlat mulki sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan, jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zarar miqdori qoplanganidan so‘ng ushbu yerlardan boshqa maqsadlarda foydalaniladi.

Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning ushbu qarorga muvofiq toifasi o‘zgartirilgani sababli qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari undirilmaydi. Elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadigan yer uchastkalari bundan mustasno.

2031-yil 1-yanvargacha har yil yakunida teng ulushlarda ushbu qaror bilan toifasi o‘zgartirilayotgan sug‘oriladigan yer uchastkalari maydonining besh baravari miqdorida yangi yerlar o‘zlashtirilishi va sug‘oriladigan yerlar toifasiga o‘tkazilishi ta’minlanadi.

Shavkat Mirziyoyev 6-iyun kuni Samarqandga tashrifi doirasida “Shirin” massivining master rejasi taqdimoti bilan tanishgandi. Davlat rahbari loyihani ilg‘or shaharsozlik tajribasi asosida takomillashtirish, ijtimoiy xizmatlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergandi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandda “Shirin” shaharchasi barpo etiladi
ePN