15:06 / 27.07.2023
209

Toshkent aeroportida yagona taksi xizmatining bo‘lishi noqonuniy deb topildi

Toshkent aeroportida yagona taksi xizmatining bo‘lishi noqonuniy deb topildi

Foto: Uzbekistan Airpors

Raqobat qo‘mitasi Toshkent xalqaro aeroporti yaqinidagi avtoturargohlar uchun to‘lovning oshirilgani, uchib kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lga esa tanlab olingan bitta kompaniyadan boshqa taksi xizmatlarining kirishiga yo‘l qo‘yilmayotgani masalasini o‘rgandi.

Qo‘mitaga ko‘ra, bu holat –“Tabiiy monopoliyalar to‘g‘risida” va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarga zid.

Xususan, tabiiy monopoliya sub’yektlariga tabiiy monopoliya sohasiga kiritilmagan tovarlar (ishlar, xizmatlar) bozoridagi raqobatni cheklash uchun tabiiy monopoliya holatidan foydalanish man etilgan. Qolaversa, muayyan holatlarda yuridik va jismoniy shaxslarning xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar iqtisodiy faoliyatini muvofiqlashtirishi taqiqlangan.

Ma’lum qilinishicha, raqobat organi 2022 yil 23 dekabrda “Uzbekistan Airpors” AJ qonunchilik talablarini buzgan deb topgan va kompaniyaga majburiy ko‘rsatmalar bergan. Aeroportdan quyidagilar talab qilingan:

  • tegishli talablarga mos keluvchi va belgilangan tartibda litsenziyaga ega taksi xizmatini ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar avtomobillarining kiritilishiga teng shart-sharoit yaratib berish;
  • yo‘lovchilar va bagaj tashuvchi taksi xizmatini tashkil etish uchun “texnik topshiriq”dan, unga tegishli joyni ijaraga berish shartnomasidan yo‘lovchilarni tashish uchun qat’iy belgilangan tariflar qo‘llanishi hamda tariflardagi har qanday o‘zgarishlar “Uzbekistan Airpors” AJ bilan kelishilgan holda amalga oshirilishi bandlarini chiqarib tashlash;
  • iste’molchilar uchib kelish terminali yonidagi maxsus yo‘lning 1-qatorida taksi xizmatini ko‘rsatuvchi boshqa xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar ham borligi to‘g‘risida xabardor qilinishini ta’minlash;
  • aeroport hududiga yaqin joylardagi avtoturargohlar uchun to‘lov miqdorini qayta ko‘rib chiqish.

“Uzbekistan Airpors” AJ qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasidan norozi bo‘lib, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga murojaat qilgan. Sudning 2023 yil 28 martdagi hal qiluv qarori bilan, “Uzbekistan Airpors” AJ shikoyati rad etilib, qo‘mitaning qaror va ko‘rsatmasi o‘z kuchida qoldirilgan.

Shuningdek, mazkur ish “Uzbekistan Airpors” AJning apellyatsiya shikoyati asosida Toshkent shahar ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan ham ko‘rib chiqilib, 2023 yil 12 iyunda apellyatsiya shikoyatini qanoatlantirish rad etilgan.

“Raqobat qo‘mitasi barcha instansiyasi sudlarida sohada raqobat muhitini ta’minlash va iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan kurashishga doimo tayyor”, – deyiladi qo‘mita bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz bu borada “Insofsiz taksichilar bilan kurashayotgan aeroportning o‘zi insoflimi?” sarlavhasi ostida maqola e’lon qilgan, unda Toshkent aeroporti tomonidan tanlov asosida tanlab olingan taksi kompaniyasi taklif etayotgan narxlar bozordagi boshqa takliflardan karrasiga qimmatligiga e’tibor qaratgan edi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent aeroportida yagona taksi xizmatining bo‘lishi noqonuniy deb topildi
ePN