Endi o‘zbekistonliklar Qirollik turizm vazirligining maxsus portali orqali onlayn viza olishi mumkin. Ko‘p martalik ushbu viza bilan yil davomida Umra qilish hamda qirollik bo‘ylab sayohat qilish mumkin. Elektron viza – Haj qilish, Saudiya Arabistonida yashash hamda ishlash huquqini bermaydi.
Saudiya Arabistoni yana 8 ta davlat fuqarolari uchun qirollikka kirish vizasini elektron viza portali orqali olish imkoniyatini ochdi. Ushbu davlatlar fuqarolari, shuningdek vizani qirollik portlari yoki chegaralarida ham olishi mumkin.
Qirollik turizm vazirligining ma’lum qilishicha, vizalar berishni kengaytirish maqsadida ochilgan ushbu tizimdan endilikda jami 57 ta davlat fuqarolari foydalana oladi. Ushbu mamlakatlar qatoriga Albaniya, Maldiv orollari, Ozarbayjon, Gruziya, Janubiy Afrika, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston ham qo‘shildi.
Bunga qadar MDH mamlakatlaridan faqat Rossiya, Ukraina va Qozog‘iston fuqarolarida shunday imkoniyat bor edi.
Saudiya Arabistoni E-visa'si bir yillik, ko‘p martalik kirish vizasi bo‘lib, sayyohlarga mamlakatda 90 kungacha bo‘lish imkonini beradi.
Sayyohlik vizasi bilan turli tadbirlar, sayohat va dam olish, oila va qarindoshlar bilan mehmon sifatida tashrifi, shuningdek Umra ziyoratini amalga oshirish mumkin.
Ushbu viza bilan Haj ziyorati qilish mumkin emas. Shuningdek, elektron viza qirollikda ishlash hamda yashash huquqini bermaydi. Elektron viza muddati tugagach, uni yangi muddatga rasmiylashtirish mumkin.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viza narxi 146 dollarni (550 riyol) tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2023 yil 1 yanvardan boshlab Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun qaytish yoki uchinchi davlatga jo‘nab ketish chiptalarini taqdim etgan holda 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!