Buxoro viloyati IIB axborot xizmati rahbari Shuhrat Jalolovning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, Romitan tumanidagi cho‘l hududida joylashgan obyektdan bir guruh shaxslar dizel yoqilg‘isini talon-taroj qilishgan. Talonchilik qilgan guruh ushlangan.
«Gazli» cho‘l massivi Romitan tumani markazidan qariyb, 70 kilometrcha olisda joylashgan. Uzoq yillardan buyon ushbu hududda «Inter Engineering» kompaniyasi o‘z faoilyatini olib boradi.
Ta’kidlanishicha, ushbu kompaniya tomonidan gaz quvurlarini montaj qilish ishlari olib borilayotgan bo‘lgan va buning uchun maxsus texnikalar yig‘ib qo‘yilgan bo‘lgan.
«Joriy yilning 10 avgust kuni tungi soat taxminan 04:00larda bir guruh noma’lum shaxslar kshbk obyektdagi «XCMC» rusumli ekskavator va «DAIFENG» rusumli «truboukladchik» maxsus texnikalarning dizel yoqilg‘isini yashirin ravishda talon-taroj qila boshlashgan. Holatdan ushbu obyekt qo‘riqchisi xabar topgan va bir guruh shaxslarga qarshi chiqib, ularni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Afsuski, ular qo‘riqchiga tahdid qilib, uning hayoti va sog‘ligi uchun xavfli bo‘lmagan zo‘rlik ishlatishgan. Jami 3 310 285 so‘mlik 395 litr dizel yoqilg‘isini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilib, hodisa joyida qochishgan»,—dedi Shuhrat Jalolov.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 166-moddasi (Talonchilik) 2-qismi «a,v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Romitan tumani «Qoqishtuvon» mahallasida yashovchi M.S. va uning mahalladoshi J.A. hamda «Qumrabot» mahallasi fuqarosi B.Sh.lar tomonidan sodir etilgani aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu jinoiy guruhning xatti-harakatlari yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring