22-23 avgust kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjonga davlat tashrifini amalga oshirdi. Tashqi ishlar vazirligi MDH davlatlari bilan hamkorlik departamenti boshlig‘i Rahmatilla Nurimbetov oliy darajadagi uchrashuvlar hamda tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar borasida fikr bildirdi.
“Asosiy imzolangan hujjatlarga e’tibor bersak. O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida davlatlararo oliy kengash tuzish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Bunday darajadagi kelishuv faqat juda yaqin bo‘lgan davlatlar o‘rtasida bo‘ladi. O‘zbekiston va Ozarboyjon nafaqat transport-logistika, iqtisodiy tomondan hamkor, balki tarixan qardosh, turkiy davlat hisoblanadi.
Tashrif doirasida ikki tomonlama biznes forum, tarmoq vazirlari o‘rtasida uchrashuvlar, muzokaralarda erishilgan natijalar ham muhim ahamiyat kasb etadi. Humanitar va madaniy sohadagi tadbirlar ham bo‘lib o‘tdi. Xususan, Qorabog‘da Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktab ochilishi, Sharof Rashidov siymosi bilan bog‘liq bo‘lgan Ozarboyjon tashabbusi bo‘ldi. Bunday loyiha va tadbirlar ikki davlatni birlashtiruvchi muhim omildir.
Bu har tomonlama hamkorlik iqtisodiy tarmoqlar, madaniy va transport sohasidagi hamkorliklar orqali mazmunan boyimoqda. Bunday salmoqli hamkorlik istiqbolli hamda O‘zbekiston prezidentining siyosiy irodasi, amaliy ishlari orqali ro‘yobga chiqmoqda”, — deydi Rahmatilla Nurimbetov.