Foto: ecogov
2023 yil 20 avgust kuni Boy-Buloq g‘origa uyushtirilgan xalqaro speleologik ekspeditsiya Osiyoda navbatdagi rekord darajadagi chuqurlik kashf etilishi bilan yakunlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Vadim Loginov boshchiligidagi Rossiya, Chexiya va Tayvandan kelgan 33 nafar speleologdan iborat ekspeditsiya g‘orning chuqurligi 1517 m, uzunligi esa 17 km ekanini aniqlagan. Avvalgi ko‘rsatkich 1430 m va 15,2 km edi.
Boy-Buloq Osiyodagi eng chuqur g‘or bo‘lib, Surxondaryo viloyatida, Boysun shahridan 60 km uzoqlikda joylashgan. Bugungi kunda g‘or chuqurligi bo‘yicha dunyoda 12-o‘rinda turadi.
«G‘orning birinchi tadqiqoti 1985 yilda boshlangan, unga tushish texnik jihatdan qiyin va murakkabligi 5+ toifasiga kiradi. Asosiy to‘siqlar - chuqurligi 180 m gacha bo‘lgan ichki «quduqlar», tor vertikal meanderlar, yarim sifonlar (suv bilan to‘ldirilgan o‘tish joylari) va boshqalar», dedi speleoturizm faxriysi Vladimir Dolgiy.
«E’tiborli tomoni shundaki, g‘or nafaqat 1158 m chuqurlikka, balki 359 m yuqoriga ham rivojlanadi. Bu esa umumiy amplituda 1517 m ekanini anglatadi. Ammo bu hali chegara degani emas, chunki g‘or davom etmoqda. Afsuski, ekspeditsiya muddati tugagani sababli keyingi tadqiqotlar to‘xtatildi», deb qo‘shimcha qildi u.
Ta’kidlanishicha, Boy-Buloq g‘orining o‘tish joylari 1283 m chuqurlikda A.Vishnevskiy nomidagi boshqa g‘or tomon olib boradi. Ikkita g‘orning potensial ulanishi 2033 m chuqurlik va taxminan 30 km uzunlikni tashkil qiladi, bu dunyodagi uchinchi eng chuqur g‘or bo‘ladi.
Rekord chuqurlikka erishish uchun Boy-Buloq va A.Vishnevskiy g‘orlarida kelgusi yilda ham tadqiqotlarni davom ettirish rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!