Foto: Navoiy viloyati IIB
Navoiy viloyati Tabiat resurslari boshqarmasi O‘rmonlarni rivojlantirish va cho‘llanishga qarshi kurashish shu’basi bosh mutaxassisi M.R. huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lga olindi. Bu haqda viloyat IIB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, “Innovatsion Group Navoiy” MCHJ ish boshqaruvchisi Sh.H. viloyat IIB rahbari nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U arizasida MCHJ tomonidan Navoiy shahrida ko‘p qavatli turar joy qurilayotgani, ekologiya xodimi M.R. qurilish ishlarini amalga oshirishi uchun 4 dona tut daraxtini kesib tashlashga ruxsat berishi, shuningdek, firma rahbari tomonidan oldinroq kesib tashlangan 3 tup tut daraxtiga hisoblangan 92,4 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zararni undirmaslik evaziga 163 mln so‘m talab qilganini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
28 avgust kuni M.R. huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda arizachidan kelishilgan pulni olgan vaqtida ushlangan. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.