Uy-joyga ega bo‘lish va qurishning qonuniy mexanizmlari mavjud bo‘lishiga qaramasdan fuqarolar tomonidan o‘zboshimchalik bilan yer uchastkalarini egallab olib, yakka tartibda uy-joylarni noqonuniy barpo etish holatlari kuzatilmoqda.
Bunday hollarda o‘zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs unga mulk huquqini ololmaydi, uni tasarruf etishga – sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, boshqa bitimlar tuzishga haqli emas. Bunday imorat sudning qaroriga binoan uni qurgan shaxs tomonidan buzib tashlanishi lozim.
Majburiy ijro byurosi Paxtaobod tuman bo‘limi ish yurituviga ham aynan shu mazmundagi ijro hujjati kelib tushgan bo‘lib, unda Paxtaobod tumani Turkiston massivi qishloq xaritasining 268q-konturidagi da’vogar “Gulchehraxon-Shahnozaxon” fermer xo‘jaligining ekin ekiladigan yerlarida joylashgan nizodagi jami 0,12 gektar yer maydonida joylashgan noqonuniy ravishda qurilgan qurilmalarni buzdirish belgilangan.
Javobgarlar X.Jo‘rayev va G‘.Jo‘rayevlar byuro xodimlari tomonidan ogohlantirilgan, berilgan ixtiyoriy muddat ichida noqonuniy qurilmalarni buzishlari kerak bo‘lsa-da, ularni buzmagan. Fermer xo‘jaligi rahbarining ta’kidlashicha, 3 yildan buyon ushbu hosildor yerdan foydalanishiga to‘siqlar bo‘lgan. Shu sababli, mas’ul idora vakillari ishtirokida majburiy ijro harakatlari olib borilib, noqonuniy qurilmalar buzdirilishi ta’minlandi.
Endilikda, fermer xo‘jaligi uchun o‘ziga ajratilgan yer maydonidan unumli foydalanish imkoniyati yaratildi.
Javobgar fuqarolar esa hech qanday hujjatlarsiz noqonuniy ravishda qurilmalarni qurish oqibati ko‘ngilsiz yakun topishiga amin bo‘ldi.
Byuroning Paxtaobod tuman bo‘limi
davlat ijrochisi Begzodbek Qobilov
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring