2023/2024-o‘quv yili tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt (super kontrakt) miqdorlari o‘tgan o‘quv yili uchun belgilangan miqdorlarda o‘zgarishsiz qolgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Telegram’dagi “Ta’lim nazorati” kanalining yozishicha, 8 sentyabrdan super kontraktlar uchun shartnoma berish boshlandi.
Abituriyentlar “kontrakt.edu.uz” sayti orqali super kontraktda o‘qish hamda shartnoma olish uchun ariza berishlari mumkin.
Amaldagi qonunchilik bo‘yicha, faqat o‘zi tanlagan birinchi yo‘nalishga super kontrakt uchun ariza yuborish imkoniyati mavjud. Ikkinchi va undan keyingi yo‘nalishlar bazada ko‘rinmaydi.
“Super kontraktlar uchun imtiyozli ta’lim krediti ajratilmaydi. Tijorat banklari o‘z imkoniyatlariga ko‘ra tijoriy ta’lim kreditlari berishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov hukumatga tibbiyotda super kontraktni yo‘qotish bo‘yicha taklif kiritilganini aytgandi.
“Super kontrakt masalasida fikrim ijobiy emas. Tibbiyotda o‘qish osonmas. Gap talabaning o‘qishida va bizning filtrimizda. Xohlagan talaba super kontraktga kirishi mumkin, butun dunyoda tendensiya shunaqa. Eng asosiysi, biz filtrni xalqaro talablar darajasida qilib qo‘ysak, talabalar o‘z-o‘zidan filtrlanadi”, — degan u.
Iyul oyida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektor Kongratbay Sharipov “Super kontrakt o‘zi aslida yaxshi emas. U ilojsizlikdan o‘ylab topilgan usul. Lekin bozor iqtisodiyotiga o‘tish davrida kerak”, — degan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!