O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Alimentlarni oldindan to‘lash, shuningdek, aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash bo‘yicha garov shartnomasini tuzish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilingan.
Mazkur hujjat bilan alimentlarni oldindan to‘lash yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlashda garov taqdim etish asoslari belgilab berilgan.
Qaror ijrosi doirasida Farg‘ona viloyati Marg‘ilon shaharda yashovchi ota farzandlari uchun 18 yoshga to‘lguniga qadar to‘lashi kerak bo‘lgan aliment pullarini avvaldan to‘lab qo‘ydi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudining ijro hujjatiga asosan qarzdor M.Isaqovdan undiruvchi D.Isaqovaning foydasiga voyaga yetmagan ikki nafar farzandlarining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Ta’kidlanishicha, farzandlarining moddiy ta’minoti va majburiyatini anglagan qarzdor D.Isaqov aliment to‘lash majburiyatini olgan bo‘lsa-da, farzandlarining 18 yoshgacha bo‘lgan aliment pullarini sobiq turmush o‘rtog‘i bilan o‘zaro kelishgan holda oldindan to‘lab berishini aytib, Majburiy ijro byurosining Marg‘ilon shahar bo‘limiga murojaat qilgan.
Byuroning davlat ijrochisi tomonidan hisoblab berilgan 70 million so‘m aliment pullarini sobiq turmush o‘rtog‘i to‘liq olgandan so‘ng hujjatlar rasmiylashtirilib, ijro hujjati tamomlandi.
Byuroning Marg‘ilon shahar bo‘limi
davlat ijrochisi Sarvarbek G‘ofurov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!