Kam ta’minlanganlarga moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish yo‘lga qo‘yiladi
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron ko‘rinishda ariza berishni joriy etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi e’lon qilindi.
2024 yil 1 apreldan boshlab kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasi va moddiy yordam tayinlash uchun onlayn ariza berish bo‘yicha davlat xizmati yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda, Ijtimoiy himoya milliy agentligi Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda 2024 yil 1 aprelga qadar:
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash hamda ma’lumotnoma taqdim etish bo‘yicha elektron ko‘rinishda davlat xizmatini ko‘rsatishni ma’muriy reglamentiga muvofiq Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali joriy etilishini ta’minlaydi;
davlat xizmatini YAIDXP orqali joriy etish bo‘yicha texnik hujjatlarni tasdiqlaydi hamda Adliya vazirligi bilan birgalikda tegishli axborot tizimlarining o‘zaro integratsiya qilinishini ta’minlaydi;
YAIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi.
Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi:
2023 yil 15 noyabrga qadar O‘zbekistondan chiqib ketgan va O‘zbekistonga kelgan O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekiston hududida yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar to‘g‘risidagi hamda ularning chet elga borish maqsadlari to‘g‘risidagi elektron ma’lumotlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali taqdim etib borilishini yo‘lga qo‘yadi.
2024 yil 1 apreldan boshlab “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining ijtimoiy xodimlari, mahalladagi xotin-qizlar faollari va hokim yordamchilariga fuqarolarning bevosita roziligi bilan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oilalarni aniqlash va ularga ijtimoiy nafaqalar tayinlash bo‘yicha elektron ko‘rinishda ariza berish huquqi beriladi.
Kam ta’minlangan oilalarni aniqlash mezonlariga kiritilayotgan o‘zgarishlar 2023 yil 16 noyabrdan keyin taqdim etilgan arizalarga joriy etiladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring