Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilishda viloyatda yilning to‘rt mavsumida turistlarni jalb qilish uchun salohiyat borligi ta’kidlandi.
Lekin, bu hozir Shahrisabz tumani, Shahrisabz shahri va Kitob bilan cheklangan. Yil boshidan viloyatga 180 ming xorijiy sayyoh kelgan, xolos.
Yangi tajriba qilinib, germaniyalik hamkorlar bilan Shahrisabz tumanidagi 3 ta turizm mahallasining master-rejasi tayyorlandi.
Bunda, 450 million dollar qo‘shimcha investitsiya va yiliga 1 million sayyoh jalb etadigan infratuzilma yaratilmoqda. Natijada tadbirkorlarda ishtiyoq kuchayib, bu loyihalarning 367 million dollari yoki 81 foizini ularning o‘zi tikayapti.
Buni hisobidan Shahrisabzni o‘zida yiliga qo‘shimcha 500 milliard so‘m tushum kutilayapti, 5 mingta yangi doimiy ish o‘rni paydo bo‘layapti.
Mutasaddilarga shu tajriba asosida yil yakunigacha Qamashi tumani va Qarshi shahrida ham loyihalarni ishga tushirish topshirildi.
Yig‘ilishda Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi.
1 yanvardan boshlab Shahrisabz aeroportiga yangi ATR samolyoti parvozlari yo‘lga qo‘yilib, Samarqand, Buxoro, Xorazm va vodiy viloyatlariga mahalliy reyslar ko‘paytiriladi. Toshkent-Qarshi yo‘nalishida aviareyslar haftasiga 2 martadan 7 martaga oshiriladi.
Natijada, aviachiptalar narxi 2 barobar arzonlashadi, xorijiy va mahalliy sayyohlar oqimi esa 3 barobar ko‘payadi.
Mutasaddilarga Taxtaqoracha dovonidan o‘tish talablarini yengillashtirish topshirildi.
Kelgusi yilda Taxtaqoracha dovonida yangi tunnel va yo‘l qurish loyihasi boshlanadi. Xitoylik investorlar bilan birga Samarqand bilan Shahrisabzni bog‘lovchi 30 kilometr yo‘lni ta’mirlash ishlari boshlanadi.
Shuningdek, «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» yo‘lining Qashqadaryodan o‘tgan 100 kilometr qismini ta’mirlashga 122,5 million dollar jalb qilinadi.
Umuman, kelgusi yilda xorijiy sayyohlarni 500 mingtaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring