Mehmet Tutunchu: Biz – necha yillardan buyon Turkiya va Yevropada yashab kelayotgan turklar doim turkiy xalqlarning hur, mustaqil bo‘lishini orzu qilib yashadik
Toshkentda o‘tgan «Jadidlar: milliy o‘zlik, istiqlol va davlatchilik g‘oyalari» mavzusidagi xalqaro konferensiyada Turkiston va Ozarbayjonni o‘rganish markazi rahbari (Niderlandiya) Mehmet Tutunchu o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
«Turkiy xalqlarning ilk o‘rta asrlardan to bugungi kunimizgacha bo‘lgan tarixiy yo‘lini xaritaga joylashtirdik. U yerda jadidlar faoliyati ham yaqqol aks etgan. Bunday nufuzli konferensiyada qatnashayotganimdan va ushbu xaritani ishtirokchilarga taqdimot qilganimdan xursandman.
O‘zbekiston Prezidentning tabriklarini eshitib, mamnun bo‘ldim. Biz – necha yillardan buyon Turkiya va Yevropada yashab kelayotgan turklar doim turkiy xalqlarning hur, mustaqil bo‘lishini orzu qilib yashadik. Mana, bugun ayni shu yerda biz bir paytlar taqiq va ta’qib qilingan fikrlar, shaxslar yana yorug‘likka chiqqanini, qadr topayotganini ko‘rib turibmiz.
Jadidlarning ezgu qarashlari bizga umid va ilhom beradi, ular o‘lgan bo‘lsa ham, ularning g‘oyalari o‘lmaydi, bizning maqsadimiz shu g‘oyalarga hayot baxsh etish – O‘zbekiston Prezidenti ham o‘z tabrigida shu jihatlarga e’tibor qaratgani quvonarli», - deydi Turkiston va Ozarbayjonni o‘rganish markazi rahbari (Niderlandiya) Mehmet Tutunchu.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring