“Xalq banki” raisi o‘rinbosari: “Bir xodim 750 mln so‘m pensiya pullarini qimorga tikib, yutqazib qo‘ygan”
Farrux Ro‘ziyev
“Xalq banki” xodimi 750 million so‘m pensiya pullarini qimor o‘ynab, yutkazib qo‘ygan. Bu haqda bank raisining o‘rinbosari Farrux Ro‘ziyev korrupsiyaga qarshi kurashish kuni doirasida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi “Daryo”.
Farrux Ro‘ziyevning aytishicha, bank tizimida pensiya pullarini tarqatish sohasida talonchilik holatlari uchrab turadi.
“Bugungi kunda pensiyalarning 30 foizi naqd pulda to‘lanadi. Pensiya tarqatuvchi aksariyat xodimlar yoshlardan iborat. Yoshlar o‘rtasida 1Xbet (onlayn qimor — tahr.) degan balo paydo bo‘lgan. Pensiya tarqatuvchi yosh xodimning qo‘liga 100—200 million so‘m beriladi. U pullarni mahallaga olib borib, pensionerlarga tarqatishi kerak.
Bir yosh yigit institutda ham o‘qimagan, kollejni bitirgan (kassir lavozimiga oliy ma’lumot talab etilmaydi). Voqea qaysi hududda bo‘lganini aytmay qo‘ya qolay. O‘sha yigit 1Xbet o‘ynab, 750 million so‘m pensiya pullarini yutqazib qo‘ydi. Qisqa muddatda. Ya’ni u boshqa kassirlarning pensionerlarga to‘lashi kerak bo‘lgan pullarini olib, ularnikini ham o‘zi tarqatishiga ishontirgan.
Yig‘ilgan pullar 750 million so‘m bo‘lgan. Keyin 1Xbet o‘yiniga tikkan va yutqazgan. Otasi bechora farzandining orqasidan shunaqangi yugurdiki, hatto bolasi yutqazgan pulni “uyimni sotib to‘layman”, dedi. O‘zi nogironligi bor, yashab turgan hovlisi bo‘lgan. O‘shani sotib, to‘lashini aytgan. U uyni ham 400 million so‘m atrofida baholashgan. Oxiri haligi ota majbur bo‘ldi, pulni to‘lay olmadi, o‘g‘li qamalib ketdi. Shu kabi holatlar aniqlanganda biz prokuratura departamentiga murojaat qilamiz. Keyin kassirlar uchun shu kabi holatlar bo‘yicha alohida targ‘ibot ishlarini olib bordik. Bunday qilmish oqibati nimalarga olib kelishini tushuntirdik. Hozirda 1Xbet degan balo ancha kamaydi”, — dedi rais o‘rinbosari.
Farrux Ro‘ziyevning qo‘shimcha qilishicha, tizimda korrupsion holatlar asosan ijtimoiy yo‘nalishdagi kreditlar ajratishda uchramoqda. Ikkinchidan, pensiyalarni (naqd pul shaklida) tarqatishda ham o‘g‘irlik va firibgarlik holatlari mavjud.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring