Hasanxon Husanxonov
Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi
Toshkent shahrida “Direktorlar kengashi” a’zolari uchun seminar–trening tashkil etilgani xabar qilingandi. Tadbirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosari Hasanxon Husanxonov yangi tuzilgan kengashning vazifalari to‘g‘risida ma’ruza qildi.
Hasanxon Husanxonov so‘zi davomida vazirlikda ishlashidan avval prezident maktabi direktori bo‘lgani, o‘shanda xodimlaridan birini o‘ziga dastro‘mol sovg‘a qilgani uchun ishdan haydaganini aytdi. Vazirlik mas’uli holatni izohlarkan, “Daryo” muxbiri bilan suhbatda bu korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashishning bir turi bo‘lganini ta’kidladi.
“Maktabda rahbarlik qilgan paytim barcha xodimlarni yig‘ib, o‘quvchilardan yig‘di-yig‘dini to‘xtataylik deganman. Chunki kimdir pul olib kelishi mumkin, qaysidir oilani farzandi olib kela olmasligi bor. Bolamiz narigi bolaning yonida mustar bo‘lib qoladi. Bunday holatda iste’dodli bolani yo‘qotib qo‘yishimiz mumkin. Qo‘l ostimda ishlayotgan o‘qituvchilarni direktorga sovg‘a berish amaliyotini to‘xtatish maqsadida yig‘ib, rahbarga yaxshi ko‘rinaman deb dastro‘mol ham, hatto bitta gul ham olib kelmasliklarini aytganman. Menga yaxshi ko‘rinishni istasanglar, ustilaringda ko‘proq ishlab, yoshlarni yaxshi tarbiyalang, vatanga zo‘r kadr qilib chiqarib beringlar, shu yetarli, deganman. Namuna sifatida kimdir o‘rnak bo‘lishi kerak. O‘shanda menga dastro‘mol sovg‘a qilgan xodimni garchi yaxshi kadr bo‘lsa ham ishdan olishga majbur bo‘lganman”, — dedi u.
Foto: Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi
Tadbir davomida yangi tuzilgan kengashning maqsad va vazifalari, rahbarlik fazilatlari bilan birga, tizimda uchrayotgan muammolar haqida ham gapirildi. Aytilishicha, maktablarda korrupsiyaviy holatlar hamon uchramoqda. Hatto ayrim hollarda direktorlar tayinlashda ham korrupsiyaning ta’siri bo‘lmoqda. Seminarda qatnashgan Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ham hali muammoli maktablar ko‘pligini ta’kidladi.
“Afsuski, tizimda korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan maktablar mavjud. Ularning ro‘yxati tuzilgan. Biz bu kabi holatlarga barham berishimiz, maktablarga rahbar tayinlashda munosib insonlarni tanlashimiz muhim. Shuning uchun ham “Direktorlar kengashi” tuzildi”, — dedi vazir.
Eslatib o‘tamiz, yaqinda tashkil etilgan “Direktorlar kengashi” Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahridagi eng tajribali maktab direktorlarini o‘zida jamlagan. Kengash maktab direktorlarini lavozimiga tayinlash bo‘yicha tavsiya beradigan organdir. Yangi tuzilma 2024 yil yanvar oyidan o‘z ishini boshlaydi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring