Foto: Getty Images/Francis DEMANGE/Gamma-Rapho
Bolalar ombudsmaniga Toshkent viloyati Keles shahrida yashovchi fuqaro tomonidan uning 2019 yilda tug‘ilgan qiz farzandiga nisbatan bolalar bog‘chasida jinsiy tegajog‘lik sodir etilganligi haqida murojaat qilingan.
Bolalar ombudsmani xabariga ko‘ra, mazkur murojaatni Bosh prokuratura bilan birgalikda o‘rganish natijasida Keles shahridagi xususiy bog‘chada bo‘lgan vaqtida bolaga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilingani yuzasidan 2023 yil 15 dekabrda Jinoyat kodeksining 129-moddasi (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va hozirda Toshkent tumani IIB TB tomonidan dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, aniqlanishicha, Toshkent tumani, Keles yo‘li ko‘chasida fuqaro o‘zi yashab kelayotgan uyida 2023 yil 1 dekabrdan boshlab, tegishli ravishda ruxsatnoma olmasdan, hech qanday litsenziyasiz bolalar bog‘chasi tashkil etgan.
Toshkent tumani sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi tomonidan ushbu xonadon o‘rganilganda, bu yerda sanitariya qoidalari jiddiy ravishda buzilgani va bog‘chada ishlagan 2 kishi tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganligi aniqlangan.
Jinoyat ishi tergovi davomida fuqaroning litsenziya olmasdan maktabgacha ta’lim muassasasi ochib faoliyat ko‘rsatganligi holatiga ham huquqiy baho berilayotgani aytilgan.
“Mazkur jinoyat ishi tergovi viloyat prokuraturasi, Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan hamda bolalar ombudsmanining bola manfaatlari yuzasidan kuzatuvi ostida”, deb ma’lum qildi bolalar ombudsmani.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring