Toshkent shahri Olmazor tumanida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan dorixona aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Olmazor tuman bo‘limi tomonidan DXX va IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda “M.F.” MCHJ rahbari K.A. MCHJ dorixonasida fuqaro E.X.ga 30 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini shifokor retseptisiz 210 ming so‘mga sotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, ushbu dorixonadan 1 320 dona “Karbamazepin”, 80 dona “Tebantin” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring