20:17 / 26.01.2024
478

Toshkentda 14 yil avval sodir etilgan qotillik jinoyati ochiqlandi

Toshkentda 14 yil avval sodir etilgan qotillik jinoyati ochiqlandi

Toshkent shahrining Chilonzor tumanida 2010 yil sodir etilgan qotillik voqeasiga aniqlik kiritildi. Bugun, 26 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudida ushbu qotillikni sodir etgan shaxsga hukm o‘qildi. Bu haqda sudda ishtirok etgan “Daryo” xabar berdi.

Sudda aniqlashtirilishicha, 2010 yilning 17 noyabr kuni Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Algoritm dahasida joylashgan xonadonlarning biridan 34 yoshli ayol jasadi topilgan. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan o‘sha yili, o‘sha kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa-da, qotillik sodir etgan shaxs 2023 yilning mart oyida Rossiyada qo‘lga olindi.

Foto: “Daryo”

Sudlanuvchi M.S. 2010 yil sentyabr oylarida Toshkent shahrining Sergeli tumanida joylashgan avtomashinalar bozorida mashina oldi-sotdisi va ijaraga berish bilan shug‘ulanuvchi Nasiba Shodmonova bilan tanishib qolgan. Ularning o‘zaro munosabatlari yaqinlashib, keyinchalik ular Chilonzor tumanidagi Nasiba Shodmonovaga tegishli xonadonda birga yashay boshlagan. M.S. mashina sotib, uni ijaraga berishdan daromad topayotgan ayolning mablag‘larini o‘zlashtirish rejasini tuzgan.

Tuzilgan jinoiy rejaga ko‘ra, sudlanuvchi 2010 yil 15 noyabr kuni soat taxminan 23:00 larda birga yashab kelgan tanishi Nasiba Shodmonovaning 7 ming dollar va 5 million so‘m naqd pul mablag‘larini egallash maqsadida unga hujum qilib, ayolni bo‘yin qismidan bo‘g‘ib, o‘ldirgan. Va tanishiga tegishli 7 ming dollar (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2010 yil 15 noyabrdagi ma’lumotnomasiga ko‘ra 1 AQSH dollari 1629 so‘mni tashkil qilgan) va 5 million so‘m, jami 16 million 403 ming so‘m pulini egallab, voqea joyidan yashiringan, — deydi sudda so‘z olgan davlat ayblovchisi.

Prokurorning aniqlik kiritishicha, sudga oid tibbiy ekspertizaning 2010 yil 17 noyabrdagi xulosasiga ko‘ra, Nasiba Shodmonovaning o‘limi bo‘yin qismini qattiq jism bilan bo‘g‘ish oqibatida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya natijasida yuz bergan.

Foto: “Daryo” / Tergov hujjatlaridan.

Davlat ayblovchisi qotillik jinoyatini sodir etgan shaxsga muddat so‘rar ekan, uning jabrlanuvchiga yetkazgan moddiy zarari uning yaqinlariga to‘lab berilishini, shuningdek, qotillik jinoyatini sodir etib, nafaqat voqea joyidan, O‘zbekistondan ham qochib ketgan ayblanuvchini chet eldan ushlab kelish uchun qilingan xarajatlarni ham davlat foydasiga undirishni so‘radi.

Foto: “Daryo”

Sudlov hay’ati qotillik jinoyatini sodir etib, 13 yil davomida javobgarlikdan qochib yurgan shaxsni 17 yilga ozodlikdan mahrum qildi. Hamda jazoni ijro etish muddatini 2023 yilning 22 mart kunidan boshlangan deb hisoblanishi haqida hukm chiqardi. Sudlanuvchiga nisbatan Oliy Majlis Senatining 2012 yil 5 dekabrdagi, 2013 yil 12 dekabrdagi, 2014 yil 14 noyabrdagi amnistiya to‘g‘risidagi qarorlari bandlari tatbiq etilib, jazo muddati to‘rtdan biriga qisqartirildi.

Foto: “Daryo”

Sudlanuvchidan marhumaning qonuniy vakili foydasiga 91 million 884 ming so‘m moddiy zarar undirilishi, shuningdek, sudlanuvchini Rossiyadan ushlab kelish uchun sarflangan 36 million so‘m miqdoridagi mablag‘ni davlat foydasiga undirish belgilandi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat