date
views 102

Samarqandning ikki tumanida “svet” va gazga noqonuniy ulangan tadbirkorlar aniqlandi

Samarqandning ikki tumanida “svet” va gazga noqonuniy ulangan tadbirkorlar aniqlandi
Foto: O‘zA
Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on va Paxtachi tumanlarida “svet” hamda gazga noqonuniy ulangan tadbirkorlar aniqlandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatidagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan viloyatda energiya resurslaridan qonuniy va maqsadli foydalanish yuzasidan o‘tkazilayotgan tadbirlarda elektr energiyasi hamda tabiiy gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanib olganlar aniqlanmoqda.

Xususan, DXX viloyat boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamkorligida olib borilgan tezkor harakatlar natijasida Kattaqo‘rg‘on tumani “Kumushkent” mahallasida fuqaro G.J. rahbarligida chiqindilarni qayta ishlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi “M.Q.B” MCHJga qarashli sex elektr energiyasi tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulangani ma’lum bo‘ldi.

Tadbirkor bu harakati orqali davlat budjetiga 3,2 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazgani aniqlandi.

Foto: O‘zA
DXX viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi tadbir davomida 1993 yilda Paxtachi tumanida tug‘ilgan Sh.J. o‘zi rahbarlik qilayotgan “J.M.T.” MCHJ binosiga 800 xonadonni tabiiy gaz bilan ta’minlab kelayotgan “Jahonobod-Mirkan” tabiiy gaz tarmog‘idan noqonuniy tarzda tarmoq tortib kelgan. U o‘g‘irlangan gaz orqali 4 ta yirik xumdonda ohak mahsuloti ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullangan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Sh.J. tomonidan davlat budjetiga jami 2,4 milliard so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlanib, hujjatlar rasmiylashtirildi.

Foto: O‘zA
Har ikki holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi rejalashtirilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandning ikki tumanida “svet” va gazga noqonuniy ulangan tadbirkorlar aniqlandi