18:17 / 14.02.2024
542

Mahallalarda madhiya aytish topshirig‘ini Qahramon Quronboyev bergani ma’lum bo‘ldi

Mahallalarda madhiya aytish topshirig‘ini Qahramon Quronboyev bergani ma’lum bo‘ldi
Quronboyevning yangi lavozimga saylangani uchun olqishlanmoqda / Foto: O‘zA
Ijtimoiy tarmoqlarda Qahramon Quronboyev tegishli ekani aytilayotgan audio tarqaldi. Unda mahalla “yettiligi” har kuni tongda ishni davlat madhiyasini aytishdan boshlashi kerakligi aytilgan.

Andijon viloyatiga katta rahmat. Haqiqatdan bugun soat 7:00da barcha mahallalarda “yettitalik”, “to‘qqiztalik” chiqib, birdaniga O‘zbekiston Respublikasi davlat madhiyasini ijro qildilar. Ochig‘i, katta “kalonka” qo‘yish shart emas. Har kim o‘zining imkoniyatidan kelib chiqsin, lekin eshitiladigan bo‘lsin.

Mening aytadiganim shuki, ko‘chadan mashinalarda o‘tib ketayotgan odamlar, maktab o‘quvchilari ham to‘xtab, madhiyaga qo‘shildilar. Shuning uchun hamma viloyatga topshiriq bo‘ladi: ertalab madhiyamiz bilan ishni boshlashni rejalashtirasizlar. Keyin, madhiyani aytib bo‘lish bilan darhol 100 foiz mahallari raislari o‘zining hududida joylashgan maktabga borib, dars soat 8:00da boshlanadigan bo‘lsa, 7:45da maktabning oldida maktab “zamdirektori”, o‘zi va profilaktika inspektori – uchchalasi o‘quvchilarni kutib oladi.

Soat 8:15 da maktabning “zamdirektori” kimlar kelmagani to‘g‘risidagi ma’lumotni mahalla raisiga beradi. Mahalla raisi olib kelib, “yettitalik” ko‘chalarni bo‘lib olgan-ku, har qaysi ko‘chadagi o‘sha mas’ulga beradi. Ular borib, nima uchun bolasi maktabga kelmaganini joyida muhokama qiladi.

Shuning uchun hammaga topshiriq, kechqurun soat 9 larda men ZOOM o‘tkazaman sizlar bilan, kim qanaqa tushunganini menga aytib beradi har bittasi. Demak, maktabdagi davomat masalasiga alohida e’tibor beriladi.

Ikkinchi masalamiz, ota-onalar majlislarini tashkil qilish masalasi. O‘zi umuman, Javdat Sultonovich va Abdulla, ikkalalaringga topshiriq bo‘ladi, “ota-ona, maktab, mahalla” uchtalik zanjiri bo‘yicha konsepsiyani tayyorlatib, ikki kun ichida menga kiritasizlar. Bu masala bo‘yicha ham ishlarni boshlashimiz kerak bo‘ladi
”, degan Qahramon Quronboyev.

Oldinroq respublikaning turli hududlaridagi MFY binolarida har kuni soat 7:30 da mahalla raisi va xodimlar tomonidan davlat madhiyasi aytilayotgani, bu topshiriq “O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi qonunga zid bo‘lishi mumkinligi xabar qilingandi.

Mas’ullarning bu topshirig‘ini shunchaki ko‘zbo‘yamachilik, to‘g‘rirog‘i “galochka” uchun qilingan ish deyish mumkin. Sababi, respublikada o‘ng mingga yaqin mahalla bor. Har kuni shuncha mahallada madhiya aytildimi yoki yo‘qligini tekshirib o‘tirish, ular tashlagan videolavhalarni tinglab ko‘rish deyarli imkonsiz. Qolaversa, ayrim mahallalarimiz hududida ancha katta, MFY binosi va raisning uyi orasidagi masofa bir necha kilometrni tashkil qiladi. Bu yoshi katta mahalla raislariga noqulaylik tug‘diryapti, kamiga mehnat qonunchiligi buzilishiga ham sabab bo‘lyapti”, degandi Kun.uz muxbiri bilan gaplashgan, ismini oshkor qilishni istamagan mahalla raisi.

Ma’lumot uchun, avvalroq O‘zbekistonda mahallalar uyushmasi tashkil etilib, uning rahbarligiga Qahramon Quronboyev saylangan edi.

Avvalroq Navoiydagi mahallalarda jinoyat sodir qilgan shaxslarning surati va ma’lumoti ildirib qo‘yilishi uchun “Sharmanda doskasi” paydo bo‘lgani xabar qilingandi. Holatga Ombudsman munosabat bildirib, bu inson huquqlariga zid ekanligini ma’lum qildi. Navoiy viloyati IIB esa o‘z rasmiy munosabatida mahallalarga o‘rnatiladigan “E’lonlar taxtasi”ni chiqarishda bosmaxona tomonidan xatolikka yo‘l qo‘yilgani uchun bu bannerlar viloyatdagi biror bir mahallaga o‘rnatilmagani, tuman-shahar IIB hamda mahallalarga bu mazmundagi topshiriq berilmaganini bildirdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat