08:20 / 11.04.2024
320

“Valyuta chiqib ketadi” degan gap nega mif?

“Valyuta chiqib ketadi” degan gap nega mif?
Ijtimoiy tarmoqlarda ikki avtobloger mahalliy avtosanoatni himoya qilish kerakligini aytib chiqishi shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. Kun.uz bu boradagi savollarga asosli va ilmiy javoblar olish uchun AQSHda faoliyat yuritayotgan iqtisodchilar Botir Qobilov va Behzod Hoshimovga murojaat qildi.

Iqtisodiyot ilmi mutaxassislari suhbat davomida “valyutaning chetga chiqib ketishi” haqidagi xavotirlar nega asossiz ekani, importga cheklov qo‘yish qanday qilib eksportga ham tushov bo‘lishi, oqilona fiskal va monetar shart-sharoitlarda importning eksportdan ko‘p bo‘lishi nima uchun muammoli holat emasligini tushuntirib berishdi.

— Protetsionizmni yoqlovchilar ko‘pincha o‘zimizda ishlab chiqarishni tashkil etmasak, valyuta chetga chiqib ketadi, bu esa so‘mning ayirboshlash kursiga salbiy ta’sir qiladi, deydi. Bu xavotirlar qanchalik asosli?

Botir Qobilov: Qaror qabul qiluvchilar orasida ham, ayrim iste’molchilar orasida ham valyutaning tashqariga chiqib ketishi katta muammo degan mifga ishoniladi. Bir narsani eslab olishimiz kerak, o‘zi eksport qilishdan maqsad – import qila olish qobiliyati. Biz qaysidir korxona nuqtayi nazaridan gapirsak ham, eksport qilishdan maqsad eksportdan tushgan valyutani ishlatib, ko‘proq import qilish. Uyda xorijiy valyutani saqlab turib, uni tashqariga chiqib ketishining oldini olish – nafaqat iqtisodiyotga, balki mantiqqa ham to‘g‘ri kelmaydi. Tasavvur qiling, siz barcha valyutani uyingizda saqlab, eshik derazalarni yopib qo‘ysangiz, uni ishlata olmasangiz, uni saqlashdan deyarli naf yo‘q.

Valyuta fetishizmi degan ibora ko‘p ishlatilgan. Valyutaning chetga chiqib ketishi mamlakatni qashshoq qiladi deyish – eng katta xatolardan biri.

Behzod Hoshimov: Hukumat kabinetlarida valyuta chiqib ketishi xavfi bor, savdoga cheklovlarni tugatsak valyutasiz qolamiz degan miflar haliyam bor. Ko‘pchilik eksport bilan import o‘rtasidagi farqni tushunadi. Deylik, O‘zbekiston 100 so‘mlik eksport, 200 so‘mlik import qilsa, joriy operatsiyalar balansi manfiy 100 so‘m bo‘ladi. Xo‘p, 100 so‘mlik eksport qilarkanmiz, qanday qilib 200 so‘mlik import qilyapmiz? Demak, o‘sha 200 so‘mni qayerdandir olyapmiz. Agar mamlakat 100 so‘mlik eksport qilsa va 200 so‘mlik import qilsa, demak, bu pulni qayerdandir olyapti. O‘zbekiston misolida olsak, buning katta qismi – chet eldan kelgan pul o‘tkazmalari, investitsiyalar va qarzlar bo‘lishi mumkin.

Germaniya korxonasi O‘zbekistonda tekstil fabrikasini qursa, tekstil fabrikasiga Xitoy yoki Koreyadan tikuv mashinasini olib kelsa, o‘sha yili bu importni nechidir millionga oshiradi. Lekin investitsiya hisobiga kirgan bo‘ladi. O‘zbekistonlik ishchi chet elda mehnat qilib uyga pul yuboradi, uning uyidagilari Ukrainada ishlab chiqarilgan shakardan tayyorlangan bulochka sotib olsayam, import oshadi. Buning ustiga, davlat ham o‘zining ayrim xarajatlarini import hisobiga qiladi: qanaqadir “Tashkent city” qurilishiga chet el jihozlarini olib keladi va hokazo. O‘zbekiston iqtisodiyotida ko‘p o‘yinchilar bor, bular – iste’molchilar, davlat korxonalari, davlatning o‘zi va boshqalar – ular chet eldan xizmatlar yoki tovarlar sotib olishadi hamda ularga pul to‘lashadi. Pulning har xil manbalari bor. Ayrim manbalar, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda investitsiyalar miqdori ko‘payib ketsa, shunga mos ravishda import ham ko‘p bo‘ladi. Chunki investitsiyalarning bir qismi chet eldan xizmat yoki tovar olib kelishga yo‘naltiriladi. Chet ellik texnologlarni olib kelish ham import raqamlariga kirishi mumkin.

Shuning uchun import va eksportimiz o‘rtasida manfiy farqi qancha bo‘ldi deb xavotirlanishimiz maqsadga muvofiq emas. Buning o‘ziga qarab nimadir noto‘g‘ri ketyapti yoki to‘g‘ri ketyapti deyish kerak emas.

Bu – ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining emas, qaror qabul qiluvchilarning fikri bo‘lgani uchun bu haqda o‘z blogimda ham yozaman, bu bizning iqtisodiy siyosatimiz bo‘lgani uchun tanqid qilaman. Bunaqa mantiq O‘zbekistonning rivojlanishiga qariyb 30 yildan beri kishan bo‘lib kelyapti.

— O‘tgan yili O‘zbekiston tashqi savdo balansidagi manfiy savdo qariyb 14 mlrd dollarni tashkil etgan. Rivojlanayotgan mamlakatlarda tashqi savdo balansidagi defitsit qanday iqtisodiy ma’noga ega?

Behzod Hoshimov: Agar davlat sun’iy ravishda so‘mning kursini ushlab turmasa, ya’ni kurs shakllanishida ochiq bozorga yo‘l qo‘ysa va o‘zi fiskal intizomga rioya qilsa, ya’ni o‘zining xarajatlarini ko‘paytirmasa, eksport va import orasidagi tafovutni yaxshi yoki yomon deb bo‘lmaydi. YAIMni hisoblashda ham bular neytral ko‘rsatkichlar.

Qaysi davlatda qanaqa desangiz, hammada har xil. Rivojlangan davlatlardan, masalan Germaniyada joriy operatsiyalar balansi musbat, AQSHda esa manfiy. Buning o‘zlariga yarasha iqtisodiy sabablari bor. Shuning uchun bu narsa qat’iy yomon yoki qat’iy yaxshi deb aytish xato. O‘ylaymanki, bir necha million aholisi tashqarida ishlab, pul yuborayotgan O‘zbekiston kabi mamlakatda bu ko‘rsatkich manfiy bo‘lishi ehtimoli katta. Lekin agar ertaga qandaydir judayam katta eksport manbasini topib olsak, masalan, neft chiqishni boshlab, ko‘p neft eksport qila boshlasak, balki musbatga chiqadi, lekin ikkala holatda ham bu bizning fundamental iqtisodiy ko‘rsatkichlarimizga neytral ta’sir ko‘rsatadi.

Botir Qobilov: Iqtisodiy tadqiqotlarda ham savdo defitsitining manfiy bo‘lishiga katta muammo deb qaralmaydi. Bu juda ham yaxshi yoki juda ham yomon degan konsensus yo‘q. Savdo balansi manfiy bo‘lsa, ya’ni eksport kamroq, import ko‘proq bo‘lsa, bu so‘mning qadrsizlanishini bildiradi. So‘mning qadrsizlanishi esa O‘zbekistonning eksporti jozibaliroq bo‘lishini anglatadi. Eksport jozibadorligining oshishi esa keyingi bosqichda savdo balansiga ta’sir qilib, muvozanatni joyiga qaytaradi.

Qaysidir sabablarga ko‘ra biz ko‘proq import qilayotgan bo‘lsak, va agar Markaziy bank intervensiya qilmasdan, so‘m erkin suzadigan valyuta bo‘lsa, tashqi savdodagi profitsit yoki defitsit mamlakatda pulni jamg‘arish yoki investitsiya qilish darajasi bilan bog‘liq bo‘ladi. Importning eksportdan ko‘proqligi esa aholi pulni saqlashdan ko‘ra, investitsiya qilayotganini bildiradi. Bu – rivojlanayotgan davlatlarga o‘ta xos bo‘lgan xususiyat.

Lekin agar kimdir savdo defitsitidan qo‘rqib ketib, yoki nimaga bizda savdo defitsiti bor, shuni nolga yoki musbat darajaga olib chiqaylik, degan maqsadda importga cheklovlar kiritilsa va proteksionistik siyosatga yo‘l ochilsa, bu – so‘mga talab oshishini bildiradi va O‘zbekistondan tashqariga eksport qilishning jozibadorligini pasaytiradi. Ya’ni importni cheklaymiz deb qilinayotgan harakat natijasida, so‘mning qadri oshishi hisobiga, eksport bilan shug‘ullanadigan kam sonli korxonalarning jozibadorligi pasayadi. Shuning uchun importga cheklovlar eksportchilarimizga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Behzod Hoshimov: Masalan, pomidor. O‘zbekistondan tashqarida kilosi 5 dollar turadi, deylik. Pomidor eksport qiluvchilarimiz jahon bozorida narx belgilovchilar emas, narx qanaqa bo‘lsa, shu narxda sotishga majbur. Agar dollar kursi 15 ming so‘m bo‘lsa, ular pomidorni 75 ming so‘mga, agar kurs 10 ming so‘m bo‘lsa, 50 ming so‘mga sotishadi. Ularning foydasi valyuta kursiga bog‘liq. Agar nimadir qilib kursni tushirib yuborsak, masalan 12 ming emas, 5 ming so‘m qilib qo‘ysak, bu pomidor eksportchilarining samaradorligini ancha tushirib yuboradi. Chunki ularning xarajatlari – so‘mda. Shuning uchun so‘mning kursi jiddiy mustahkamlanishi eksportchilarning raqobatbardoshligini tushiradi.

Shunday ekan, importga qo‘yilgan har bir to‘siq simmetrik ravishda eksportga qo‘yilgan to‘siqqa teng. Bunday teorema bor va buning uchun Nobel mukofoti ham berilgan. Ya’ni bu anchagina o‘rganilgan mavzu, hozir biz velosiped ixtiro qilayotganimiz yo‘q.

Botir Qobilov: O‘zi, o‘ta kam sonli va o‘ta iqtidorli korxonalar mahsulotini eksport qila oladi. O‘zbekiston sharoitida ham, umuman istalgan mamlakat sharoitida ham eksport qilayotgan korxona o‘ta “g‘ayritabiiy”, yuqori samaradorlikka ega korxona hisoblanadi. Importga cheklov kiritish ana shu eng samarali korxonalarga salbiy ta’sir qiladi.

Tashqi savdo defitsitini qisqartiradigan omillardan biri – to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va tashqi qarzlar. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar bu qarz emas, kapitalga investitsiya. Davlat tomonidan tashqi qarzlarni jalb qilish orqali savdo defitsiti va budjet defitsiti yopilsa, buning salbiy oqibatlari bor. Bu – fiskal intizom masalasi. Ya’ni agar savdo defitsitini katta muammo deb qabul qilsak, manfiy saldoni musbatga aylantirish uchun nimadir qilish kerak bo‘lsa, birinchi o‘rinda davlat xarajatlarini kamaytirish kerak. Bu degani o‘qituvchi yoki do‘xtirlarga sarflanayotgan mablag‘larni kamaytirish degani emas. Samarasiz xarajatlarni qisqartirish kerak. Tashqaridan qarz olib, ichkarida gul festivali qilish – savdo defitsitini kamaytirishning eng ahmoqona yo‘llaridan biri bo‘lgan bo‘lardi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Valyuta chiqib ketadi” degan gap nega mif?