14:50 / 22.04.2024
115

Britaniya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Britaniya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga tashrif buyuradi
Foto: Sky News
Buyuk Britaniya tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi Devid Kemeron O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Independent xabar berdi.

Britaniya tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston, Turkmaniston, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonga safar qilishi ma’lum bo‘ldi. Diplomat 22 aprel kuni Tojikistonga tashrif bilan kelgan. Uning keyingi tashrif manzili Qirg‘iziston bo‘lishi kutilmoqda. Tashrif maqsadi savdo, xavfsizlik va atrof-muhit bo‘yicha aloqalarni kengaytirishdan iborat.

U Markaziy Osiyo eng katta muammolarning markazida ekanidan ogohlantirib, uning 'qiyinchilik bilan erishilgan suverenitetini' qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator chora-tadbirlarni e’lon qiladi”, — deb yozmoqda Independent nashri.

22 aprel kuni Britaniya diplomati Dushanbeda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan uchrashgan va biznes, iqlim o‘zgarishi, terrorizmga qarshi kurash kabi muhim sohalarda hamkorlik qilish uchun “ko‘proq narsa qilishimiz mumkin”ligini aytgan.

Mamlakatingizga tashrif buyurgan birinchi tashqi ishlar kotibi ekanimdan xursandman. Bu juda uzoq vaqt talab qilganidan afsusdaman. Biz Buyuk Britaniya va Markaziy Osiyoning barcha respublikalari o‘rtasidagi munosabatlarda Tojikistondan boshlab yangi davr boshlanganiga ishora qilmoqchimiz. Umuman olganda, biz hamkorlikni kengaytiraylik, birgalikda ko‘proq narsalarni qilaylik, deyish uchun keldik”, — degan Kemeron prezident Rahmonga.

Kemeron mintaqa bo‘ylab yetakchilar bilan muzokaralar chog‘ida “sanksiyalardan qochish, inson huquqlari va islohotlar bo‘yicha muhokamalarni olg‘a siljitishga” intiladi, dedi Tashqi ishlar vazirligi.

Kemeron Britaniya universitetlarida chet elliklarning o‘qishini qo‘llab-quvvatlovchi Chevening stipendiyalari uchun mablag‘ miqdorini ikki baravar oshiradi va kelgusi uch yil davomida mintaqa bo‘ylab rivojlanish uchun 50 million funt sterling ajratilishini e’lon qiladi.

Vazir, shuningdek, bir qator muhim obyektlar, jumladan, yoqilg‘i uchun Rossiyaga qaram bo‘lgan Tojikistondagi Nurek to‘g‘onidagi GES loyihasi va Qirg‘izistondagi kanallarni sug‘orish maydonchasi bilan tanishadi.

Biz raqobatbardosh dunyoda yashayapmiz. Agar Britaniya manfaatlarini himoya qilmoqchi va ilgari surmoqchi bo‘lsangiz, raqobatlashishingiz kerak. Markaziy Osiyo biz duch kelayotgan eng katta muammolarning markazida joylashgan. Bu Buyuk Britaniya hamda mintaqa uchun uning kelajakdagi farovonligini oshirishda juda muhim”, — degan sayohat oldidan Lord Kemeron.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Buyuk Britaniyaning tashqi ishlar, hamdo‘stlik va taraqqiyot masalalari bo‘yicha davlat kotibi etib tayinlangan Devid Kemeron bilan uchrashgan edi. Uchrashuvda O‘zbekiston—Birlashgan Qirollik hamkorligining asosiy yo‘nalishlari muhokama qilingan. Suhbat chog‘ida ikki tomonlama munosabatlarni barcha sohalarda mustahkamlash borasida kelgusidagi sa’y-harakatlar, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqilgan.

Ma’lumot o‘rnida, Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri Devid Kemeron 2023 yil noyabr oyining o‘rtalarida mamlakat tashqi ishlar vaziri etib tayinlangandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Britaniya tashqi ishlar vaziri O‘zbekistonga tashrif buyuradi