Parvarishlangan teri, nafis turmak, chiroyli tirnoqlar – har qanday ayol tashqi go‘zalligining muhim omili. Shu bois, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar, kosmetologiya markazlari doim gavjum bo‘ladi. Ammo ko‘pincha ko‘z o‘ngimizda sodir bo‘layotgan yoki qulog‘imizga chalinayotgan holatlar – ba’zi go‘zallik salonlaridagi gigiyena masalasi ancha og‘riqli ekani barchamizdan e’tiborli va hushyor bo‘lishni talab etadi.
Go‘zallik salonlari va sartaroshxonalar xodimlari qanday talablar asosida ish olib borishi kerak?
Aholiga xizmat ko‘rsatadigan sartaroshxona va kosmetologiya xizmatlari ishchi-xodimlari tibbiy ko‘rikdan o‘tgan bo‘lishlari, manikyur, pedikyur va kosmetik kabinetlarda har bir ish joyida mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun uch komplekt instrumentlar bilan ta’minlangan bo‘lishi darkor. Har bir mijozga toza oqlik (sochiq, salfetka, choyshab) ishlatilishi va ishlatilgandan keyin oqliklar yuvilishi muhim hisoblanadi.
Yuqumli hamda parazit kasalliklarning yuqishining oldini olish maqsadida har bir mijozdan keyin ishlatilgan instrumentlar zararsizlantiruvchi eritma solingan idishga solinib, 15 daqiqa davomida zararsizlantirishi, so‘ngra toza suvda yuvilib, sterilizatsiya qilinishi, toza instrumentlar maxsus metall qutilarda, usti yopiq holatda saqlanishi kerak.
Xodimlar shaxsiy ustki kiyim, oyoq kiyim va bosh kiyimlarni yechinib-kiyinish xonasida qoldirishi, ish uchun maxsus toza kiyim kiyishi, ish boshlashdan oldin va mijozga xizmat ko‘rsatilgandan keyin qo‘llarni sovun bilan yuvishi, kosmetologiya xonalarida qo‘l terisini zararsizlantirish uchun antiseptiklarni qo‘llash, sochni bo‘yashda rezina qo‘lqoplardan foydalanishi lozim. Ish joyida ovqatlanish va chekish ma’n etiladi.
Shuningdek, dezinfeksiya ishlari vaqti-vaqti bilan o‘tkazib turilishi uchun davlat tasarrufidagi yoki xususiy dezinfeksiya tashkilotlari bilan shartnoma asosida zararsizlantirish ishlarini olib borish talab etiladi.
Sanitariya-gigiyena va epidemiyaga qarshi kurash tadbirlarini buzib, mijozlarga zararsizlantirilmagan va sterilizatsiya qilinmagan ish anjomlari hamda oqliklarni ishlatgan holda va shu jarayonida kasalliklar va boshqa infeksiyalarni boshqalarga yuqtirgan (shuningdek, tarqalishiga sabab bo‘lgan) go‘zallik salonlari va sartaroshxona xodimlariga nisbatan amaldagi qonunchilik asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilishi mumkin.
Jahongir Mirzamuhammedov, Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Kommunal gigiyena bo‘limi mudiri, shifokor:
– Bugungi kunda 100 dan ortiq patogen mikroorganizmlar, shu jumladan sog‘liq uchun juda xavfli va go‘zallik salonida yuqtirish mumkin bo‘lgan mikroorganizmlar ma’lum. Ular inson hayoti uchun bir muncha xavf tug‘diradi. Shu bois ularning eng ko‘p tarqalgan turlaridan xabardor bo‘lish va saqlanish salomatligimiz uchun zarur, deb hisoblayman. Ommaviy kosmetologiya jihozlaridan yuqadigan eng ko‘p yuqadigan mikroblar quyidagilar:
Tirnoqlar zamburug‘i – sog‘lom odamning tirnoqlariga zararlangan jihozlar bilan ishlov berish deyarli 100% holatlarda kasallik yuqishiga olib keladi.
Pedikulyoz – parazit kasallik, mijozlar bilan ishlaganda sanitariya normalariga amal qilmaydigan go‘zallik salonlari, sartaroshxonalarda tez-tez uchraydigan «mehmon». Kasallik toza bo‘lmagan vositalar, kesilgan va o‘z vaqtida tozalab olinmagan soch qoldiqlari orqali o‘tadi.
Gerpes virusi – lablarda, burun va og‘iz shilliq qavatlarida, kamdan-kam holatlarda ko‘zlarning burchaklarida, chovda, tirnoqlar yonida davriy toshmalar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Piling, mezoterapiya, lablarning permanent makiyaji va hatto terining sezilarsiz shikastlanishi bilan bog‘liq boshqa protseduralar paytida gerpes virusini yuqtirish xavfi mavjud.
Tillarang stafilokokk – atrof muhitda keng tarqalgan, odam organizmidan tashqarida 6 oygacha yashash qobiliyatini saqlashga qodir bo‘lgan bakteriya. Infeksiya o‘chog‘iga, masalan, teridagi yoki sochlar asosidagi toshmalarga tekkan asboblar kasallikni yuqtirish manbalari hisoblanadi. Shuningdek quloqlarni teshtirganda, pirsing, tatuirovka qilganda va hatto oddiy soch kesish jarayonida ham kasallikni osongina yuqtirib olish mumkin.
B, C gepatiti viruslari – virus shilliq qavatlar yoki shikastlangan teri bemorning biologik suyuqliklari bilan kontakt qilganida yuqishi mumkin. Shuni esda saqlash muhimki, virusni yuqtirish uchun tashuvchi qonining 0,0001 ml gacha bo‘lgan juda kam miqdori ham yetarli hisoblanadi, bu infeksiyaning zararlangan jarrohlik, kosmetologiya jihozlari, tatuirovka uchun ninalar va ustara orqali yuqishini istisno qilmaydi.
Yana bir xavfli kasallik – OIV infeksiyasini bemor kishining biologik suyuqliklari orqali ham yuqtirish mumkin. Tatuaj, kesma manikyur va pedikyur yuqtirish nuqtayi nazaridan eng xavfli protseduralar hisoblanadi.
Ishlatiladigan vositalarni dezinfeksiyalash, sterillash va saqlash qoidalarining buzilishi bir talay muammolarga, xususan, ham mijozlar, ham xodimlarga ko‘plab infeksiyalarni yuqishiga sababchi bo‘ladi. Afsuski, ko‘plab sartaroshxonalarda, go‘zallik salonlarida mutaxassislarning o‘zlari dezinfeksiyalash va sterillash rejimlariga amal qilish lozimligiga yetarlicha ahamiyat berishmaydi.
Go‘zallik qimmatga tushmasin
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, dunyo bo‘yicha OITS bilan kasallanganlar 40 milliondan ortiqni tashkil qilarkan. Har yili 2 yarim million nafar kishi kasallikka chalinib, ulardan bir yarim milliontasi hayotdan ko‘z yumadi. 2023 yil iyun holatiga ko‘ra, Respublikamizda OIV kasalligi bilan 48 mingdan ortiq shaxslar yashab kelmoqda. Ularning 55 foizi erkaklar, 45 foizi ayollar, 14 foizini esa 18 yoshga to‘lmagan bolalar tashkil etadi. Bu raqamlar jamoat joylarida gigiyena qoidalariga muntazam amal qilishni, jumladan, har birimizdan ogoh bo‘lishni talab etmaydimi?
Ma’lumot o‘rnida, Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, uning hududiy boshqarmalari, tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan yillik reja asosida go‘zallik salonlari hamda sartaroshxonalarda tekshiruv ishlari amalga oshiriladi. Sanitariya holati talabga javob bermaydigan, shuningdek, murojaat tushganda, kasallik aniqlanganda Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakildan ruxsat olgan holda tekshiruv o‘tkaziladi. Bundan tashqari qo‘mita va boshqarmalar axborot xizmati tomonidan har oyda 2-3 marotaba MTRK hamda xususiy telekanallar bilan hamkorlikda reyd tadbirlari amalga oshiriladi.
Ammo yurtimizning har bir hududida go‘zallik salonlari va sartaroshxonalar soni shu qadar ko‘p-ki, bir tashkilot ularning har kunlik faoliyatini nazorat qilishga imkoni yetmaydi. Buning uchun avvalo, xodimlarda tibbiy-gigiyenik bilim hamda mas’uliyatni oshirish, shu maskanlarga tashrif buyuruvchi mijozlarni e’tiborli bo‘lish, talab qilishga o‘rgatish kerak. Buning uchun mas’ul tashkilotlar aniq bir dastur ishlab chiqishi lozim bo‘ladi.
Dilfuza MAHKAMOVA
Manba: Oyina.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
22 noyabr kuni Cobalt avtomobiliga shartnoma ochilishi e’lon qilindi
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi