317
Tungi klubdagi tanishuv, psixotrop moddalar va 10 ming dollarga pullanishi kerak bo‘lgan farzand
Vujudida to‘qqiz oy avaylab, ming mashaqqat bilan dunyoga keltirgan farzandini sotish onalarga xos emas. Chunki ona hech qachon farzandidan voz kechishni istamaydi. Afsuski, ayni damda 21-sonli ayollar koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan xorazmlik Zebiniso Kuranboyeva ana shunday — onalarga xos bo‘lmagan jinoyatga qo‘l urgan.
Mahkuma Zebiniso Kuranboyeva 23 yoshda. U Jinoyat kodeksining 135-moddasi bilan 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U farzandini 10 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
“Onamning turmush o‘rtog‘i bilan kelishmasdim”
— Onam Turkmanistonga turmushga chiqqan. Afsuski, olti oylik chaqaloqligimda otam bilan ajrashib, O‘zbekistonga qaytib kelgan. 2004 yilda uylanmagan yigit bilan oila qurdi, 2005 yili ukam dunyoga keldi, 2006 yilda esa meni va ukamni olib Ukrainaga ketishgan. Ota-onam u yerda kiyim-kechak savdosi bilan shug‘ullanishardi, biz esa maktabda o‘qirdik. Avvaliga hammasi yaxshi edi, ammo keyinchalik men va ikkinchi dadam o‘rtasida nizoli vaziyatlar yuzaga keldi. 2018 yilda pasport olish maqsadida O‘zbekistonga qaytib keldim. Undan avvalroq Ukrainada 7 oy hujjatsiz yashaganim uchun meni deport qilishgan. Qaytib mamlakat hududiga kirolmasligimni o‘ylab, onamga “Iltimos, siz ham men bilan qoling”, deb yalinganman. Ammo onam turmushini o‘ylab, meni xolamga vasiylikka berib, o‘zi qaytib ketdi. Afsuski, xolamning uyidagi hayotim ham muammolardan xoli emasdi. Pochcham bir necha marta tegajog‘lik qilganidan keyin uyidan qochib ketishga qaror qilganman, — deydi mahkuma.
“Xolamning eri tegajog‘lik qilardi”
— Xolamning oilasida yashashni istamay, bir oy ko‘chadagi do‘stlarimning uyida yashaganman. Mahalla nozirlari bilishgach, meni voyaga yetmaganlarga yordam ko‘rsatish markazlariga yotqizishdi. Ikki kundan keyin xolam olib ketdi. Ammo baribir yana uyida qololmadim. Qochib ketaverganimdan keyin uchastka nozirlari olti oy davomida markazda qoldiradigan bo‘lishdi. Xolamnikida yashashni istamasdim, markazdan chiqqanimdan keyin 2018 yilning 2 iyulida meni Qo‘qondagi qizlar koloniyasiga olib borishdi. Chunki u paytda ko‘cha hayotiga bo‘lgan qiziqishim ortgandi.
2019 yilning yanvar oyida qizlar koloniyasidan chiqdim. Onam Ukrainadan qaytdi va buvim bilan maslahatlashgan holda meni turmushga bermoqchi bo‘lishdi. Birinchi turmush o‘rtog‘im buvimning dugonasining nabirasi edi, — deydi mahkuma.
Foto: “Daryo”
“Bolamning otasi farzandli bo‘lishimni istamagan”
— Avvaliga hammasi yaxshi edi, ammo ko‘p o‘tmay uning psixotrop tabletkalar ichishi va sotishi haqida bilib qoldim. Men ham sotishda unga ko‘maklashdim. Qo‘lga tushib qamaldi, hamma aybni bo‘yniga oldi. Men esa yana buvimning uyiga qaytib keldim. Ammo ular bilan birga yasholmadim. Ijaraga uy olib, ko‘chib chiqib ketdim. Ofitsiantlik qilib, mashina oldim. Hayotim ancha iziga tushib qolgandi. Keyin tungi klubda bir yigit bilan tanishdim. U bilan birga yashab yurdik. 2022 yilda homilador ekanligimni bildim. U farzandli bo‘lishni istamadi, ammo Ukrainadagi onam bilan gaplashib vaziyatni aytganimda “Boladan voz kechma, o‘zimiz amallab katta qilamiz”, dedi. Farzandli bo‘ldim, ammo u tug‘ma yurak nuqsoni va Daun sindromi taxmini bilan tug‘ildi, — deydi mahkuma.
“Bolamni sotishni taklif qilishdi”
— Tungi klubda Temur ismli yigit bilan tanishdim. U bilan tanishuvimga aslida bolamning otasi sabab bo‘lgan. Temur “Kelinoyim ancha yildan beri farzandli bo‘lolmaydi, baribir bolangni boqolmaysan. Yaxshisi uni kelinoyimga bergin”, dedi. Bolamning kasal ekanligini aytganimda “Kasal bo‘lsa ham oladi, bolang sen bilan qiynalib katta bo‘ladi, undan ko‘ra boy xonadonda ulg‘aygani yaxshi-ku”, dedi. Xullas, oxiri rozi bo‘ldim. Chunki o‘zim ham uni katta qilishimga ko‘zim yetmasdi.
Temur Zulhumor degan ayol bilan tanishtirdi. Men bolamning tahlil natijalarini Toshkentdan olib kelayotganda “10 ming AQSH dollari bersangiz, mayli bolamni sizlarga beraman”, deb xabar yozdim. Ular bilan vokzalda ko‘rishadigan bo‘ldik. Ona va bola xonasida uchrashib, bolani qaytib olmaslik va uni ko‘rmaslik haqida tilxat yozib berdim. Ayol qo‘limga 9 800 AQSH dollari berdi va qolgan pulni bank kartamga o‘tkazib yuborishini aytdi. Xonadan chiqayotganimda tegishli xodimlar qo‘lga olishdi, — deydi mahkuma.
Foto: “Daryo”
“Bolam meni tanimaydi”
— Qilgan ishimdan afsusdaman. Bolamga nisbatan adolatsizlik qildim, pulni o‘ylab kechirilmas xatoga yo‘l qo‘ydim. Bolam bir muddat mehribonlik uyida parvarishlandi. Uzr so‘rab tegishli tashkilotlarga xat yozganimdan keyin uni vasiy sifatida buvimga qaytarib berishdi. Ammo buvim ham ancha keksayib qolgan, avvalgidek kuchi yo‘q. Onam esa Rossiyada yashaydi. Qaniydi, tezroq ozodlikka chiqsam, bolamga o‘zim qarardim. U endigina ikki yoshni qarshilaydi. Meni emas, xolamni ona deb katta bo‘lyapti. Meni tanimaydi ham, — deydi mahkuma. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi