Jo‘rabek Mirzamahmudov
Foto: UzReport
O‘zbekistonda 2023 yil 1 oktyabrdan biznes uchun, joriy yilning 1 mayidan aholi uchun elektr va gaz tariflari oshirildi. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov UzReport telekanaliga bergan intervyusida narxlar ko‘tarilishi sabablarini ma’lum qildi.
Uchta asosiy sabab
Jurnalist bilan suhbat davomida Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari o‘sishiga olib kelgan uchta asosiy sababni aytdi.
“Avvalo, tariflar oshirilishi elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berishdagi xarajatlarning bir qismini qoplash bilan bog‘liq. Hozirda bu mahsulotlarni ishlab chiqarishdan yetkazib berishgacha bo‘lgan xarajatlar to‘liq qoplanmayapti. Shuning uchun mazkur yo‘nalishlarga budjetdan juda katta subsidiyalar ajratilyapti.
Ikkinchi sababi — tejamkorlikka undash. Uchinchidan, investitsiyalarni jalb qilish. Hozir bizga generatsiyaga ko‘proq investitsiya kelmoqda. Elektr energiyasi yetkazib berish yo‘nalishida bir necha kompaniya o‘rganish olib bordi va tariflar pastligi tufayli bu yo‘nalishga xususiy investitsiya kiritishga tayyor emasligini bildirdi. Shuning uchun tarifni oshirish ushbu masalani yechishning bir bosqichi deb o‘ylaymiz”, — dedi vazir.
Ijtimoiy norma nega 200 kVt/soat?
Avvalgi davrlardan farqli ravishda bu galgi elektr va gaz tariflarida ijtimoiy norma belgilandi. Xususan, elektr energiyasining oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan iste’moli uchun narxlar 450 so‘mdan bo‘ladi. Iste’mol hajmi bundan oshsa, narx ham 200 kVt/soatdan yuqori qismi uchun ko‘tarilib boradi. Jo‘rabek Mirzamahmudov nega aynan ijtimoiy norma 200 kVt/soat etib belgilanganiga izoh berdi.
“Asosiy iste’molchilar ulushini tahlil qildik. Statistika shuni ko‘rsatdiki, joriy yilning aprel oyida 200 kVt/soatgacha bo‘lgan ulush eng katta bo‘lib chiqdi. Ya’ni bizda 7 million 228 ming abonent bo‘lsa, shundan 5 million 255 mingtasi (73 foizi) 200 kVt/soatdan kam elektr ishlatgan. Qish oylarida ham 66–68 foiz abonent 200 kVt/soatgacha elektr ishlatgan. Hisob-kitoblarimizga ko‘ra, 200 kVt/soat bazaviy ehtiyojlarni qoplashga yetadi”, — dedi vazirlik rahbari.
Jo‘rabek Mirzamahmudovning aytishicha, yuqoridagi 73 foiz abonentning elektr energiyasi iste’moli umumiy iste’molning 35 foizini tashkil qilmoqda. Ular bir oyda 415 million kVt/soat elektr energiyasi sarflamoqda.
“Qolgan 27 foizga yaqin abonent umumiy hisobda elektr energiyasining 58,8 foizini iste’mol qilyapti. Bir oyda ular 1000 kVt/soatgacha (har bir abonent–tahr.) jami 697 million kVt/soat elektr energiyasi iste’mol qiladi va 1000 kVt/soatdan yuqori iste’mol qilgan abonentlar 5,7 foizni tashkil etadi. Ular juda katta hajmda elektr energiyasi iste’mol qilyapti”, — dedi vazir.
Gaz qazib olish hajmi nega kamaymoqda?
Jo‘rabek Mirzamahmudovga ko‘ra, O‘zbekistondagi 85 foiz konlardan tabiiy gaz qazib olib bo‘lingan.
“Hozir konlarga borgan sari chuqur kirib borilmoqda. Ulardan gaz qazib chiqarishda siquv kompressor stansiyalarida muammolar yuzaga kelib, qo‘shimcha vaqt va xarajat ketmoqda. Buning oqibatida mahsulot tannarxi oshmoqda. Texnologiyada konlarga qanchalik chuqur ketgani bilan ba’zi natijalar biz o‘ylagandek bo‘lmayapti. Eskirgan texnologik uskunalarimizda avariyalar ko‘paygan. Ularni vaqtida modernizatsiya qila olmaganimiz sababli kompressor stansiyalardagi agregatlarda to‘xtash holatlari bor. Tizimda 4 oy ichida 333 ta texnik nosozliklar bo‘ldi”, — dedi Energetika vaziri.
Energetika vaziri mamlakat elektr energiyasi yetkazish tarmoqlaridagi nosozliklar va avariyaviy holatlarni to‘liq bartaraf qilishga kamida 3–4 yil kerakligini aytdi.
“Joriy yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini kamida 5 milliard kVt/soatga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu hajm yangi IESlar ishga tushirilishi, yangi quyosh va shamol generatsiyalari hisobiga oshadi. 2024 yilda qo‘shimcha elektr energiyasini eksport qilish imkoniyatimiz ham bor. Chunki oldingi yillarda 4 milliard kVt/soatdan ko‘proq elektr energiyasi import qilgan bo‘lsak, joriy yilda bu hajm qisqarib, 3 milliard kVt/soatdan kamroq bo‘ladi”, — deya ma’lum qildi vazirlik rasmiysi.
Jo‘rabek Mirzamahmudovning qo‘shimcha qilishicha, elektr va gaz tariflari oshgani hisobiga 2024 yilda energetikaga davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdori kamayadi.
Ma’lumot uchun, 2023 yilda respublikada tabiiy gaz oldi-sotdisi o‘rtasidagi taqchillikni qoplash uchun davlat budjetidan qariyb 18 trillion so‘m to‘lab berilgan. Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov “Daryo” muxbiriga bergan intervyusida 2024 yilda bu miqdori 9,5 trillion so‘mga pasaytirilishini aytgan. Keyingi bosqichlarda subsidiyalar yana ikki baravar qisqartiriladi. Subsidiyalardan bo‘shagan pullar ijtimoiy sohaga hamda aholining ijtimoiy himoyasiga sarflanishi ma’lum qilingan. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi