14:23 / 04.06.2024
159

Toshkent viloyatida tez yordam shifokori kaltaklandi

Toshkent viloyatida tez yordam shifokori kaltaklandi
Foto: Telegram / “Yoshlar kundaligi”
Toshkent viloyati Toshkent tumanidagi xonadonlarning biriga chaqiruv bilan borgan “Tez yordam” shifokori kaltaklandi.

Tuman hokimligining ma’lum qilishicha, 1 iyun kuni soat 16:35 da Toshkent tumani Dilkash ko‘chasidagi uyda yashovchi 26 yoshli J.O.dan bosh og‘rig‘i shikoyati bilan murojaat kelib tushgan. Shifokor T.R. va feldsher N.O‘.dan iborat brigada manzilga soat 16:45 da yetib borgan.

Bemor shifokorga bosh og‘rig‘i, bezovtalik, umumiy holsizlik shikoyatlari borligini va buyrak kasalligi bo‘yicha davolanayotganini aytgan. Shifokor birlamchi tekshiruv o‘tkazib, bemordagi og‘riqni qoldirish uchun feldsherga og‘riq qoldiruvchi dori vositasini shpritsga tortishini so‘ragan.

Shifokor bemorga qo‘shimcha kasalliklari bo‘yicha savollar berayotgan vaqtda, bemor shifokorga qarab “sen kimsan, ishingni tezroq qil” deya haqoratlay ketib, o‘rnidan turib, to‘satdan shifokorning yuziga musht tushirgan. Shifokorning labi hamda pastki jag‘ sohasidan qon ketishni boshlagan va bir oz vaqtga karaxtlik holati kuzatilgan. Holat bo‘yicha hudud profilaktika inspektoriga xabar berilgan.

Shifokor boshqa brigada bilan TTA-3 Yuz-jag‘ jarrohligi bo‘limiga olib kelingan. Jarohat joyi tikilib, qon oqishi to‘xtatilgan. Shifokor ishini davom ettirish maqsadida ish joyiga qaytgan.

Bir oz vaqtdan so‘ng, shifokorda bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, umumiy holsizlik kuzatilgan va zudlik bilan TTA-2 klinikasiga gospitalizatsiya qilingan. TTA-2 Neyroxirurgiya bo‘limiga soat 23:45 da “Bosh miya yopiq jarohati. Bosh miya chayqalishi. O‘ng tomon pastki lab sohasida tikilgan jarohat. O‘ng pastki jag‘da yumshoq to‘qimalar lat yeyishi” tashxisi bilan yotqizilgan.

Qayd etilishicha, hozirda jabrlangan shifokor tibbiy muolajalar qabul qilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Toshkent viloyatida tez yordam shifokori kaltaklandi