116
Janubiy Koreya prezidenti: “O‘zbekiston — Markaziy Osiyodagi yagona alohida strategik sherigimiz”
Foto: Prezident matbuot xizmati
Koreya Respublikasi prezidenti Yun Sok Yol O‘zbekistonga amalga oshiradigan davlat tashrifi arafasida ilk bor O‘zbekiston nashri — “Dunyo” axborot agentligiga intervyu berdi. Unda tashrif maqsadi, hamkorlik rejalalari va Shavkat Mirziyoyev haqida gapirdi.
Shavkat Mirziyoyev taklifi bilan 13—15 iyun kunlari davlat tashrifi bilan bo‘ladigan Yun Sok Yol bu katta sharaf ekanini aytdi.
“O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi ko‘plab umumiy tarixiy va madaniy xususiyatlarga ega. Men hamisha mamlakatingizga safar qilishni orzu qilganman. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylaridan ushbu tashrifga taklif olish men uchun katta sharafdir”, — dedi Janubiy Koreya rahbari.
So‘ng O‘zbekiston taraqqiyoti, mamlakat rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlarga baho berdi.
Uning ta’kidlashicha, Shavkat Mirziyoyev 2016 yilda prezidentlik lavozimiga kirishganidan buyon dadil islohotlar va ochiqlik siyosatini yuritib, O‘zbekistonni mutlaqo yangi mamlakatga aylantirdi. Mamlakatning yuqori o‘sish salohiyatiga ega bozori, katta miqdordagi ishchi kuchi va geosiyosiy ahamiyati uni xalqaro kompaniyalar uchun biznes yuritish va investitsiyalar kiritish uchun juda jozibador makonga aylantirmoqda.
“Bir paytlar mutlaq qashshoq mamlakat bo‘lgan Koreya Respublikasi tashqi dunyoga ochilish, iqtisodiyotini liberallashtirish va xalqaro hamjamiyat bilan yaqin hamkorlikda korrupsiyaga qarshi kurashish orqali iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga erishdi. Ushbu tajribaga asoslanib, Koreya Respublikasi O‘zbekistonning islohotlarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi hamda bundan keyin ham respublikani ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik rivojlantirishda mamlakatingiz bilan alohida strategik sherik sifatida yaqindan hamkorlik qiladi”, — dedi Yun Sok Yol.
Uning ta’kidlashicha, ayni damda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar har qachongidan ham o‘zaro manfaatli mazmun kasb etgan.
“Bugun dunyo murakkab global inqirozga yuz tutayotgan ekan, men bunday vaziyatni o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni yanada diversifikatsiya qilish va chuqurlashtirish, jumladan, muhim foydali qazilmalarni yetkazib berish zanjirini rivojlantirish uchun imkoniyat deb hisoblayman. Ushbu tashrif chog‘ida hukumatlarimiz va biznes vakillari o‘rtasidagi muzokaralarning amaliy natijalarini ko‘rishga umid qilaman”, — dedi Janubiy Koreya prezidenti.
Yun Sok Yolning qayd etishicha, Shavkat Mirziyoyev mintaqadagi qo‘shnilar bilan sheriklik munosabatlarini mustahkamlashni mamlakat tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilab, mintaqaviy hamkorlikda yetakchi o‘rin tutmoqda.
“O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston bilan chegara va suvdan foydalanish masalalariga to‘g‘ri yechim topayotganini, xalqaro hamjamiyatning Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish borasidagi sa’y-harakatlarida faol ishtirok etayotganini tan olamiz va e’tirof etamiz”, — dedi prezident.
Kelgusida Koreya Respublikasi hukumati Markaziy Osiyoning beshta davlati bilan Markaziy Osiyo strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha maslahatlashuvlar va yaqin hamkorlikni davom ettirishini ta’kidladi.
“Ayni paytda mintaqadagi asosiy hamkor va birodar davlat bo‘lgan O‘zbekiston bilan o‘zaro manfaatli va kelajakka yo‘naltirilgan hamkorlikni yanada mustahkamlaydi”, — dedi Yun Sok Yol.
Intervyuda Yun Sok Yol O‘zbekistondagi koreys diasporasi haqida ham fikr bildirib o‘tdi. Uning bildirishicha, O‘zbekistonda 172 ming koreys istiqomat qiladi. Bu Markaziy Osiyoda yashayotgan 300 ming koreyslar umumiy sonining eng katta ko‘rsatkichidir. Koreya Respublikasi hukumati bundan buyon ham o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida koreys diasporasiga e’tibor qaratadi va qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi.
“O‘zbek xalqi bundan 87 yil oldin Uzoq Sharqdan ko‘chib kelgan koreyalik vatandoshlarimizga qaynoq bag‘ridan joy bergani uchun juda minnatdormiz”, — dedi Yun Sok Yol.
Koreya Respublikasi prezidentining ma’lum qilishicha, O‘zbekistonga davlat tashrifi davomida Shavkat Mirziyoyev bilan turli yo‘nalishlarda, jumladan, energetika va infratuzilma, sog‘liqni saqlash va tibbiyot, iqlim va atrof-muhit, fan-texnika, ta’lim kabi sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishni muhokama qilish rejalashtirilgan.
Koreya Respublikasi O‘zbekiston bilan ilg‘or fan va texnologiyalar, jumladan, AKT, sun’iy intellekt uchun yarimo‘tkazgichlar sohasida ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar hamda gumanitar almashinuvlar yo‘nalishida hamkorlikni mustahkamlab, birgalikda Markaziy Osiyoda insoniyatni ilmiy va texnologik yutuqlarga yetaklovchi yuqori texnologiyali xab barpo etish va XXI asrning innovatsion Ipak yo‘lini yaratishga umid qilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar