19:08 / 07.07.2024
412

Navoiyda voyaga yetmagan qizning zo‘rlanishi holati bo‘yicha jinoyat ishi ochildi

Navoiyda voyaga yetmagan qizning zo‘rlanishi holati bo‘yicha jinoyat ishi ochildi
Navoiyda bir necha kishi voyaga yetmagan qiz bilan jinsiy aloqa qilgani aytilmoqda. Bosh prokuratura matbuot xizmati holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, Jinoyat kodeksining 128-1-moddasi (16 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs bilan moddiy qimmatliklar berish yoki mulkiy yoxud boshqacha tarzda manfaatdor etish orqali jinsiy aloqa qilish) bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi doirasida bir nafar shaxs qamoqqa olingan.

Sodir etilgan qilmish jinsiy jinoyatlar toifasiga tegishli bo‘lganligi sababli boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deyiladi prokuratura xabarida.

Kun.uz'ga yetib kelgan sud hujjatlariga ko‘ra, 2023 yilning dekabr oyida Navoiy shahrida joylashgan muzqaymoq shoxobchasi yerto‘lasida bir nechta yigit 2008 yilda tug‘ilgan, voyaga yetmagan qizni navbati bilan zo‘rlagan. Ayblangan yigitlarning eng kattasi 23, eng kichigi esa 18 yoshda.

Navbahor tumanida yashovchi, o‘sha vaqtda maktab o‘quvchisi bo‘lgan 18 yoshli yigit Navoiy shahridagi istirohat bog‘ida o‘rnatilgan attraksionda erkin yollanma ishchi bo‘lib ishlagan.

2023 yil 4 dekabr kuni soat 21:00lar atrofida uning yoniga oldindan tanish bo‘lgan voyaga yetmagan qiz kelgan. Ular biroz gaplashib turgach, yigit qizni attraksion yonidagi yerto‘laga olib tushgan va u bilan g‘ayritabiiy usulda jinsiy aloqada bo‘lgan.

So‘ng yerto‘laga navbati bilan yana uchta yigit kirib chiqqan. Yana bir yigit qizni tergov davomida aniqlashning imkoni bo‘lmagan manzilga olib borib, o‘sha yerda bir necha kun birga yashagan hamda u bilan jinsiy aloqada bo‘lgan. Holat yuzasidan 6 nafar yigitga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudining 2024 yil 7 iyundagi hukmi bilan yigitlarning uchtasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 3-qismi “a” bandida (takroran, xavfli retsidivist tomonidan o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish), ikkitasi Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan.

Sud hukmi bilan sudlanuvchilarning ikki nafariga 3,5 yil, bir nafariga 4,5 yil va bir nafariga 5 yil 1 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Navoiy shahar IIB tergovchisi (tergovchining ismi sharifi tahririyatga ma’lum) mazkur ishni tergov qilish jarayonida, ya’ni 2024 yilning yanvar oyida Toshkentda malaka oshirish o‘quv kursida bo‘lib turgan vaqtda jabrlanuvchi qizni Toshkentga chaqirib, u bilan jinsiy aloqa qilgan. Buni Kun.uz'ning bir-biridan mustaqil bo‘lgan ikki manbasi tasdiqladi. Manbalarga ko‘ra, mazkur holat yuzasidan Navoiy viloyat prokuraturasi tomonidan ish ochilib, tergovchi ham qamoqqa olingan.

Shuningdek, hozirda yana uch yigitning yuqorida aytilgan jinoiy ishda jabrlanuvchi bo‘lgan voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlik holati bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ish yuzasidan Bolalar ombudsmani o‘z vakolatlari doirasida kuzatuv olib bormoqda va bola manfaatlari nuqtayi nazaridan ishning sudda ko‘rilishida ham o‘z kuzatuvini davom ettiradi, dedi holat yuzasidan axborot bergan Surayyo Rahmonova.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Navoiyda voyaga yetmagan qizning zo‘rlanishi holati bo‘yicha jinoyat ishi ochildi