15:17 / 17.07.2024
68

Yangi urug‘ navlarini yaratish va ekinlar gen bankini kengaytirishga 24 mln dollar yo‘naltiriladi

Yangi urug‘ navlarini yaratish va ekinlar gen bankini kengaytirishga 24 mln dollar yo‘naltiriladi
O‘zbekistonda 2024 yilning o‘tgan davrida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 910 million dollarni tashkil qildi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Davlat rahbari yil yakunigacha reja qilingan eksportni ta’minlash uchun birinchi galda qayta ishlangan meva-sabzavot eksportini keskin ko‘paytirish kerakligini ko‘rsatib o‘tdi. Hozirda saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini oshirish bo‘yicha 9 trillion so‘mlik 382 ta loyiha bo‘yicha ishlar boshlandi.

Bunday loyihalarni ko‘paytirish, yil yakunigacha jami quvvati 57 ming tonna bo‘lgan 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxona qurish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga meva-sabzavotni saqlash sig‘imini 63 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Prezident eksportni ko‘paytirish uchun yangi urug‘ navlarini o‘zimizda yaratishimiz kerakligini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Xitoy va Turkiya tajribasi asosida qishloq xo‘jaligida urug‘chilik tizimini to‘liq qayta ko‘rib chiqib, ekinlar gen bankini kengaytirish choralarini ishlab chiqish topshirildi. Ushbu ishlarga 24 million dollar mablag‘ yo‘naltiriladi.

Shuningdek, tumanlarda 75 ming gektar samarasiz bog‘lar borligi, har yili 1 ming gektardan bog‘ni tiklash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bu borada yangi tizim joriy qilinib, unga ko‘ra hokimliklar sanoatlashgan bog‘larni yaratish uchun buyurtma beradi, loyihalarini ishlab chiqib, tadbirkorlarga 30 yilga ijaraga beradi. Sanoatlashgan bog‘larni yaratish uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Mutasaddilarga 75 ming gektar samarasiz bog‘lar hamda 100 ming gektar past hosilli paxta, g‘alla va boshqa ekin yerlari o‘rnida sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining seleksioner olimlari mamlakat tuproq iqlim sharoitiga mos kartoshkaning ertapishar “Toshkent ertagi” navini ixtiro qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yangi urug‘ navlarini yaratish va ekinlar gen bankini kengaytirishga 24 mln dollar yo‘naltiriladi