20:11 / 26.07.2024
137

Chetdan narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yurtimizga olib kirgan 13 kishi qamoqqa olindi

Chetdan narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yurtimizga olib kirgan 13 kishi qamoqqa olindi
O‘zbekistonga qo‘shni davlatlardan olib kelingan narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari ortidan 13 kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoqqa olindi.

Foto: Videodan kadr
Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Oqoltin tumanidagi “Sardoba” YPX maskanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent-Jizzax yo‘nalishida harakatlanayotgan Jizzax viloyatining Baxmal tumanida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs boshqaruvidagi Cobalt to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashina yukxonasiga 3080 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari yashirib qo‘yilgani aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Shuningdek, mazkur shaxsning jinoiy sherigi bo‘lgan — Baxmal tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaro ham qo‘lga olindi.

Ushbu dori vositalari Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelingan.

DXX xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Farg‘ona tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs Qirg‘izistondan keltirilgan 2799 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini 65 million so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.

Farg‘ona viloyatida kuzatilgan yana bir holatda, Farg‘ona tumanida yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs o‘zbek-qirg‘iz davlat sida belgilangan tartibni qo‘pol ravishda buzib, Qirg‘izistondan 5600 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini olib o‘tgan vaqtida chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Foto: Videodan kadr
Bu yo‘nalishda DXX Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona idoralari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.

Unda Toshkent—Xorazm yo‘nalishida harakatlanayotgan yuk mashinasi Xazorasp tumanida to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda uning yukxonasidagi maishiy konditsioner ichiga yashirib qo‘yilgan 1 kilogramm 814 gramm “opiy” moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Ushbu ajal og‘usi 1991 yilda Xazorasp tumanida tug‘ilgan fuqaroga tegishliligi aniqlanib, tezkor tadbir davom ettirildi va u kondisionerni qabul qilib olgan vaqtida ushlandi. Shuningdek, uning yashash xonadonidan ham 158 gramm opiy va 1 kilogramm 988 gramm gashish moddalari olindi.

Bundan tashqari, mazkur shaxsni giyohvandlik vositalari bilan ta’minlab kelgan, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1989 va 1991 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ham ushlanib, ulardan birining yashash xonadonidan 424 gramm opiy moddasi olindi.

Foto: Videodan kadr
Ushbu holatda narkotik moddalar Tojikistondan olib kelingani aniqlandi.

DXX Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Andijon shahri tomon harakatlanayotgan Nexia to‘xtatilib xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda yo‘lovchi sifatida ketayotgan ikki fuqaroga tegishli bo‘lgan va Qirg‘izistondan keltirilgan 4 kilo 861 gramm “Pregabalin” nomli kuchli ta’sir qiluvchi modda borligi ma’lum bo‘ldi.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni qabul qilib olgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan shaxs ushlandi.

Shuningdek, uning tanishlari bo‘lgan Shahrixon tumanida istiqomat qiluvchi, 1987 va 1992 yillarda tug‘ilgan ikki nafar ayol ham prosessual tartibda ushlanib, ulardan 1 kilo 987 gramm “Pregabalin” moddasi hamda 1342 dona “Regapen” nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Chetdan narkotik va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yurtimizga olib kirgan 13 kishi qamoqqa olindi